Farzandi maktabga boradigan har qanday ota-onaga turli pul yig‘imlari masalasi juda yaxshi tanish. Sinf fondi, maktab fondi, ta'mirlash, obuna, metallolom va hokazo uchun bir yilda ancha-muncha summa berib qo‘yiladi. Hech bir mezonlarda ko‘rsatilmagan va hech qayerda qayd qilinmaydigan ushbu mablag‘larni ota-onalardan talab qilish qonuniymi? Shunday sharoitda fuqarolar qanday yo‘l tutishlari kerak, deyiladi Adliya vazirligi telegram kanalida.

Savol: Maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilardan ta'mirlash uchun pul talab qilishga haqlimi? Maktabda 1200 nafar o‘quvchi o‘qiydi, 25 ta o‘qituvchi dars beradi. O‘quvchilardan 15 000 so‘m, o‘qituvchilardan 10 000 so‘mdan mablag‘ yig‘ib olinyapti. Yana ota-onalarning ayrimlari ko‘ngilli ravishda homiylik yordami sifatida qurilish mollari ham keltirib beryaptilar. Bu yig‘ilgan pullar maktabning hisob raqamiga o‘tkaziladimi yoki maktab rahbarlarining cho‘ntagiga borib tushadimi?

Maktablar va boshqa ta'lim muassasalari tomonidan ta'mirlash uchun o‘quvchi va o‘qituvchilardan pul yig‘ilishi noqonuniy hisoblanadi.

Konstitutsiyaning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi va bepul umumiy ta'lim davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan.

Ayrim ota-onalar bu pulni og‘rinmay bersa-da, ko‘pchilikda norozilik tug‘iladi. Lekin atrofdagilarning bosimi va farzandiga o‘qituvchining munosabati o‘zgarmasmikan degan o‘y bilan ota-onalar ushbu asossiz to‘lovlarga rozi bo‘ladi.

“Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunda jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e'tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston hududida qancha vaqt yashayotganidan qat'i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan.

Aslida maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun budjetdan pul mablag‘lari ajratiladi. Prezidentning 2018 yil 5 sentyabrdagi qaroriga muvofiq Xalq ta'limini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Mazkur jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri umumta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shu jumladan zarurat bo‘lganda o‘quv korpuslarini o‘quv ustaxonalari va laboratoriyalar tashkil etgan holda kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma obektlarini barpo etish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish hisoblanadi.

Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida nizomga muvofiq, maktablar faoliyatini moliyalashtirish tegishli xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.