Xalq ta'limi vazirligi “Zamonaviy maktab” Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini muhokamasiga qo‘ydi.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, hujjatda “Zamonaviy maktab” Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy vazifa va maqsadlari quyidagicha belgilanishi rejalashtirilmoqda:

2020 yildan boshlab maktablarni zamonaviy loyihalar asosida qurish, ularni zamonaviy o‘quv jihozlari va anjomlari bilan ta'minlashning normativ-huquqiy asoslari va texnik talablarini takomillashtirish;

qishloq va shahar maktablarining moddiy bazasi hamda ta'minlanish darajasidagi tafovutlarni bosqichma-bochqich kamaytirish va uning asosida o‘quvchilarning ta'lim olishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratish;

umumiy o‘rta ta'lim maktablarining eng yuqori zamonaviy talablarga mos keladigan o‘quv-moddiy bazasi bilan ta'minlash standartlarini shakllantirish;

maktab ta'limining yangi standartlariga, ta'lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol qo‘llash imkoniyatini yaratish.

Qaror loyihasi bilan:

2020-2022 yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Zamonaviy maktab” davlat dasturi;

umumta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash bo‘yicha 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturi;

2020-2022 yillarda xalq ta'limi muassasalarining mebel, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va o‘qitishning texnik vositalari bilan ta'minlash dasturining asosiy parametrlari hamda qo‘lbola pechlari bilan isitiladigan umumta'lim muassasalarini zamonaviy isitish tizimi bilan ta'minlash dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2019 yil 1 dekabrga qadar xalqaro tajribalar va mamlakatning tabiiy-iqlim sharoitlariga asoslanib, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalanib, ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qo‘llagan holda zamonaviy umumta'lim muassasalarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari tasdiqlanadi.