Tahririyatga navbatdagi murojaat Xitoydan bo‘ldi. Bir guruh o‘zbek yoshlari tahsil olish uchun konsalting firmalari tomonidan ushbu davlatga yuborilgan. Bu yoshlar bizga, umuman olganda, butun o‘zbek xalqiga murojaat bilan chiqishgan.

«Biz konsullarga ham murojaat qildik. Konsullik bizga davlat idoralariga murojaat qilishimizni, sudga berishimizni aytmoqda. Bu yerga hech kim qaytib ketish uchun kelmagan. Biz 6 ta guruhga bo‘linganmiz. Bu yerda eski tizimda ishlanmoqda. Bizga 100 foizlik grant asosida tahsil olishimizni aytishgan. Bizga aytishgan vaqtda imtihon yo‘q, deyishgan. Afishalarida ham, reklamalarida ham imtihon yo‘qligi, hech qanday til bilish shart emasligini yozib qo‘yishgan. Bularning bari yolg‘on. «Yeschina», «Yourchina», «Chinascholarship» - hammasi yolg‘on. O‘zbekistonliklar o‘qiyotgan universitetlardan so‘rab ko‘rishingiz mumkin. Hammasi qiynalmoqda», - deydi talabalardan biri.

«Boshida Yeschina firmasida orqali kelganimizda, bakalavriat boshlanganda 2500 AQSh dollari berishimizni aytishgan. Bu yerga kelsak, NSK sertifikatini olishingiz shart deyishmoqda. Shu sertifikatni olsak, o‘qishimiz mumkin ekan. Firma tomonidan bizga bu haqda ma'lumot berilmagan. Biz bu yerga 2,5 ming dollar to‘lab kelganmiz», - deydi murojaat bilan chiqqan yoshlardan yana biri.

 Video: Mover (Tas-IX)

Video: Youtube

«Bu yerga hech kim osonlikcha kelmagan. Kimningdir ota-onasi Rossiyada ishlaydi. Kimdir mashinasini sotib kelgan. Boshida bizga ming dollar to‘lashimiz haqida aytilmagan. Ball haqida ham aytilmagan. Hozir biz ball yig‘olmasak, kontraktga tushirib qo‘yadi. Kontrakt 1,5 ming AQSh dollari. Bular har taraflama pul ishlashni o‘ylashmoqda», - deydi yana bir norozi murojaatchi.

Ushbu murojaatdan so‘ng, biz yuqorida nomi tilga olingan konsalting firmalaridan biri «YESCHINA» vakillari bilan uchrashdik. «YESCHINA» konsalting firmasi ish boshqaruvchisi Gulhayo Otaxonova va konsultant Asomjon Zaynuddinov biz bilan suhbatda bo‘ldi.

- Tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, bir guruh yoshlar Xitoyga tahsil olish uchun kelgan ekan. «Bizga aytilmagan to‘lovlar, aytilmagan sertifikatlar chiqib keldi», deyishdi. Murojaat yozilgan videoni ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak?