O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan 2019-2021 yillar davomida respublika hududlarida “O‘zpaxtasanoat” AJ tomonidan yengil konstruksiyali yoki bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida tashkil etiladigan 271 ta tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmualar yaratiladi.

Majmualar foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng ularni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a'zo bo‘lgan korxonalarga yoki tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga 5 yil muddatga, 10 foizdan ortiq bo‘lmagan stavkada lizing asosida yoki sotib olish sharti bilan ijaraga beriladi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bir oy muddatda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon va mamlakatimizda ishlab chiqariladigan qurilish materiallaridan foydalangan holda majmualarni tashkil etish bo‘yicha yakka tartibdagi namunaviy loyihalarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi tikuv-trikotaj korxonalariga loyihalarni amalga oshirish doirasida istisno tariqasida:

loyihalash va qurilish-montaj ishlarini hamda import qilinadigan texnologik asbob-uskunalarni xarid qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;

tashkil etiladigan tikuv-trikotaj majmualarini qisqa muddatlarda ishga tushirilishini ta'minlash maqsadida loyiha va pudratchi tashkilotlarni tender (konkurs) savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash va moliyalashtirishni loyihalash bilan parallel ravishda amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Loyihalarni amalga oshirish doirasida (2022 yil 1 yanvarga qadar):

mavjud tayyor tikuv-trikotaj majmualarini lizing asosida yoki sotib olish sharti bilan ijaraga boshqa tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan kunga qadar foyda va mol-mulk solig‘idan;

respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qurilish materiallarini belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilmoqda.