O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bir nechta qarorlari bilan konsert-tomosha faoliyatini tartibga solish, uni litseziyalash tartibiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi.
Vazirlar Mahkamasining, 2017 yil 11 maydagi 270-son qarori bilan litsenziya va ruxsatnoma talablari hamda shartlariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash, lisenziatlar va konsert tomosha tadbirlarining tashkilotchilari tomonidan qonunchilik talablarining bajarilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi zimmasiga yuklatildi. Avvallari bu ishlarni «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi yuritar edi.
Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash Milliy estrada san'atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining xulosalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Lisenziyani kimlar olishi mumkin? U faqat ijrochilarga — jismoniy shaxslarga va ijodiy jamoalarga – yuridik shaxslarga beriladi.
«Konsert tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga kiritilgan o‘zgartirishlarda san'at ahli, shu yo‘nalishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar uchun bir muncha qulayliklarni ko‘rish mumkin. Aslida olingan litsenziya 5 yil muddatgacha amal qiladi. Ammo talabgorning arizasiga ko‘ra, 5 yildan kam muddatga ham ham berilishi mumkin. O‘zgartirish kiritilgunga qadar, uning «eng kam vaqti» 1 yil edi. Yuqoridagi hujjat bilan u 3 oygacha qisqardi.
Yana bir muhim o‘zgarishni davlat bojini to‘lashda ko‘rish mumkin.
Avvallari bu mablag‘ litsenziya talabgorlari tomonidan estrada san'atini rivojlantirish jamg‘armasining depozit hisob raqamlariga o‘tkazilardi. O‘zgartirish bilan endilikda litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga to‘lanadi va u quyidagicha taqsimlanadi:
30 foizi - respublika budjetiga;
70 foizi - O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining hisob raqamiga.
Darvoqe, avvallari litsenziya berilgan sanadan bir yil o‘tmasdan litsenziyaning amal qilishi to‘xtatilganda yoki u bekor qilinganda davlat boji bir yillik miqdorda undirilar edi. Endilikda u o‘z kuchini yo‘qotdi.

















