Dunyoning 30 foizga yaqin aholisi xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega emas. 2030 yilga borib, yer shari aholisining yarmi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashashga majbur bo‘ladi. Bunday ma'lumotlar esa suv resurslarini asrash mavzusiga yanada jiddiy yondashish va suv bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga qaratilgan profilaktika choralarini kuchaytirishni talab etadi.

Kun.uz muxbiri Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining "UzWaterAware" loyihasi bo‘yicha Germaniyaga amalga oshirgan safari doirasida hamyurtimiz, Berlin shahridagi Water Integrity Network xalqaro nodavlat tashkilotining tadqiqotlar bo‘yicha koordinatori, “Buyuk kelajak” eksperti Umrbek Allaqulov bilan suv muammolari va ularning yechimi haqida suhbatlashdi.

Foto: Askar Yakubov

-        Siz faoliyat yuritayotgan Water Integrity Network qanday tashkilot?

-        Water Integrity Network suv muammolari bo‘yicha dunyo ahlining xabardorlik darajasini oshirish va korrupsiyaning oldini olish tamoyillarini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Biz o‘z faoliyatimiz davomida xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Bugunga kelib uch davlatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri dasturlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Shu bilan birga, dunyoning 10 dan ortiq mamlakatida hamkorlarimiz orqali tadbirlar uyushtiramiz.

-        Bugungi kunda suv bilan bog‘liq qanday dolzarb muammolar mavjud? Ularga doir prognozlar bo‘lsa, keltirib o‘tsangiz.

-        Toza ichimlik suvi dunyoda eng notekis taqsimlangan resurslardan biridir. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoning 30 foizga yaqin aholisi xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega emas. Olimlar taxminiga ko‘ra, 2030 yilga borib, yer shari aholisining yarmi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yashashga majbur bo‘ladi. Ko‘p mamlakatlarda ichimlik suvi va sug‘orish suvi tanqisligi tobora oshib bormoqda. Bu esa mamlakatlar o‘rtasida transchegaraviy suvlar va suv obektlaridan foydalanish hamda suv iste'moliga oid xalqaro nizolarni keltirib chiqaradi. Boz ustiga, global iqlim o‘zgarishi bu kabi muammolarning yanada kuchayishiga olib keladi va natijada, nafaqat suv tanqisligi, balki suv toshqinlari ham ko‘payadi.