Falastin barcha davlatlarni iyun oxirida Manamada AQSh bilan o‘tkaziladigan iqtisodiy forumda qatnashmaslikka chaqirmoqda. Bu haqda Falastin ozodlik tashkiloti ijroiya qo‘mitasi bosh kotibi Saib Arikat Al-Mayadeen telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.
"Biz Manamadagi simpoziumda ishtirok etishni rad etdik. Barcha mamlakatlarni ushbu anjumanda qatnashmaslikka va o‘z nuqtai nazarlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqiramiz", dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati "o‘ta o‘ng yahudiycha mafkuraning asosiy tayanchi hisoblanadi".
"Qo‘shma Shtatlar mintaqada qo‘rquv uyg‘otish uchun bu o‘yinni boshladi", - dedi Arikat.
Bir haftacha ilgari Oq uy matbuot xizmati AQSh va Bahrayn Manamada iqtisodiy forum tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qilgandi.
Oq uy bayonotida ta'kidlanishicha, "Farovonlik uchun tinchlik" deb nomlanuvchi anjumanda Falastindagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilashning ehtimoliy yo‘llari muhokama qilinadi.

















