Kuni kecha “Munosabat” teleko‘rsatuvida kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari chiroqlarini yoqib harakatlanishi belgilangan hukumat qarori bo‘yicha muhokama o‘tkazildi.
Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini olib boruvchi organ sifatida muhokamada bildirilgan qonunchilik tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan fikrlarga izoh berishni o‘rinli deb topdi, deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi barcha avtomototransport vositalari chiroqlarini yoqib harakatlanishining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini muhokama qilish niyatida emas, bu masalani professional tahlil qiladigan mutaxassislar vazirlikda mavjud emas. Mazkur soha bo‘yicha qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan maxsus organlar mavjud.
Ko‘rsatuvda qarorning aynan qonunchilik jarayoniga javob bermasligi haqida deputatlar tomonidan mulohazalar bildirildi. Xususan:
1) 2016 yilda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish bilan kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqmaganlik uchun ayrim toifadagi avtomototransport vositalariga nisbatan jarima belgilash nazarda tutilgan, ammo hozirgi kunda ushbu moddaga asosan barcha avtomototransport vositalari jarimaga tortilayotganligi;
2) qarorning qachondan kuchga kirishi ko‘rsatilmaganligi;
3) qonun hujjatlari tadbirkorlarga qo‘shimcha majburiyat yoki talablar yuklasa, ular uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi haqidagi talabning buzilganligi;
4) huquqiy ekspertiza masalasi.
Ushbu mulohazalar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilindi:
1. Ma'muriy javobgarlik kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida
2016 yilda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan sutkaning qorong‘i davrida yoki ko‘rish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish so‘zlari tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish so‘zlariga almashtirilgan. Bunda jarima miqdori, ya'ni eng kam ish haqining 50 foizi miqdori o‘zgarmagan.
Birinchidan, kiritilgan mazkur o‘zgarish blanket norma (davlat organlari, mansabdor shaxslarga xatti-harakatlar, taqiqlar va boshqalarni mustaqil ravishda belgilash huquqini beruvchi huquqiy norma) hisoblanadi.








