Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning 27-29 may kunlaridagi O‘zbekistonga tashrifi jamoatchilikda qiziqish uyg‘otish bilan birga ko‘plab masalalarda mulohaza qilishga yo‘l ochib berdi. Tashrif va davlatlararo munosabatlar haqida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo instituti bo‘lim rahbari Bahrom Sotiboldiyev Kun.uz'ga o‘z fikrlarini bildirdi.
— Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti janob Frank Valter-Shtaynmayyerning O‘zbekistonga tashrifini ikki mamlakat munosabatlari izchil ravishda mustahkamlanib borayotgani bilan bog‘lash mumkin. Ayniqsa, oxirgi ikki yilda bu munosabatlar yanada yaxshilandi. Masalan, 2017 yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, 2018 yilda esa Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Germaniyaga tashrif buyurgan edi. 2019 yil yanvarda esa Prezident Shavkat Miromonovich Germaniyaga davlat tashrifi bilan bordi, har tomonlama manfaatli masalalarda muzokaralar o‘tkazildi, amaliy natijalarga ham erishildi. Davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan biznes forumda ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida 8 mlrd yevro miqdoridagi turli shartnomalar imzolandi.
O‘zbekiston Germaniyaning tashqi siyosiy tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlagan. Yevropa Ittifoqida ham Germaniyaning nufuzi va salohiyati alohida maqomga ega. Germaniyaning yillik yalpi ishlab chiqarayotgan mahsulotining hajmi 3 trln 300 mlrd dollar atrofida baholanadi. Germaniya tayyor mahsulot eksporti bo‘yicha ham dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Aholisi 82 mln kishi. Yaqin yillargacha ikki mamlakat munosabatlarini iqtisodiy masalalarda mustahkamlashga valuta konvertatsiyasi muammoligi to‘g‘anoq bo‘layotgan edi. Bu masala hal etilishi germaniyalik ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishini oshirmoqda.
Ochiq siyosat olib borilishi natijasida O‘zbekiston jahon, xususan, german hamjamiyatiga o‘zining ijobiy qirralarini ko‘rsata olyapti. Germaniya ham Markaziy Osiyo bozoriga kirib kelishidan manfaatdor. Yirik mamlakatlar har doim o‘z mahsulotini sotib olishga qodir bo‘lgan bozorni qidiradi. Markaziy Osiyo ham xuddi shunday qiyofada shakllanmoqda. O‘zbekistondagi islohotlar negizida Markaziy Osiyoda yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy holat yuzaga kelmoqda. Xalqaro darajada ish olib boradigan ishbilarmonlar uchun shunday etalon mavjud. Ya'ni, qayerga Germaniya ishbilarmonlari pul tikishni boshlayotgan bo‘lsa, demak, bu mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritish ishonchli sanaladi.
O‘zbekiston ham Germaniya bozoriga kirib borish uchun ularning standartlariga, sifat ko‘rsatkichlariga intilishi kerak. U yerda aholi juda to‘q yashaydi, yuqori sifatli mahsulotga ehtiyoj bor.

















