Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg‘ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Albatta, bola bu dunyo, bola bu hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar o‘z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadilar. Ko‘zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg‘och misoli.
Yozning birinchi kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kelajagimiz egalari uchun turli konsertlar, ko‘rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. Istirohat bog‘lari esa bolalarning tabassumlari bilan go‘yoki mo‘jizalar dunyosiga aylanadi. Mamlakatimizda ham ushbu bayram har yili dillarda quvonch ila nishonlanadi. Sababi O‘zbekiston – bolajon yurt, xalqimiz esa azaldan bolajon xalq. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston qo‘shilgan ilk xalqaro shartnomalar qatorida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan so‘ng aynan Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya turishi ham buning yaqqol isbotidir.





Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning maktabgacha ta'lim sohasiga berayotgan e'tiborlarini ham bu borada olib borilayotgan ishlarning eng to‘g‘ri va samarali yo‘li sifatida aytish mumkin.
2017 yilning 30 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur huquqiy asosga ko‘ra, maktabgacha ta'lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta'lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim sifati – ertangi kunimizni hal qiladigan masala. Maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish faqatgina yangi tashkil etilgan vazirlikning vazifasi emas, barchamizning eng muhim vazifamiz bo‘lishi kerak”, degan so‘zlarini dasturga aylantirgan farg‘onaliklar 1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida yana bir ishga qo‘l urishdi.

























