1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Avayxon» mahallasida bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov, Ichki ishlar vazirligi Mirzo Ulug‘bek tuman boshqarmasi vakillari hamda tuman hokimligi rahbariyati so‘zga chiqib, barcha bolajonlarni muborakbod etishdi.
Tadbir avvalida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari uchun yaratilgan mobil ilovaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur mobil ilova ichki ishlar organ xodimlari bilan favqulodda muloqot qilish uchun qulay vosita hisoblanib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda keng samara berishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng, bolajonlar uchun orziqib kutilgan bayram tantanalari ochiq deb e'lon qilindi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.



Qurolli Kuchlari akademiyasi kursantlar tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari hamda qo‘l jangi elementlari esa bayramni haqiqiy shouga aylantirib yubordi.


Tadbir davomida tashkil etilgan turli bellashuv va sport o‘yinlarida faol ishtirok etgan bolajonlarga kitob va esdalik sovg‘alari hadya etildi.




















