Krishtianu Ronaldu va Ko Yevro-2020 uchun saralashda muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda ham qo‘shimcha imkoniyatga ega. Bu UYeFAning yangi turniridagi g‘alaba evaziga bo‘ldi.
Millatlar ligasi A
Final
Portugaliya - Niderlandiya - 1:0 (0:0)
Gol: Gonsalu Gedesh, 60.
Portugaliya: Ruy Patrisiu, Semedu, Ruben Diash, Joze Fonti, Rafael Gerreyru, Villiam Karvalyu (Nevesh, 90+3), Danilu Pereyra, Brunu Fernandesh (Joau Kanselu, 81), Krishtianu Ronaldu, Gonsalu Gedesh (Rafa Silva, 75), Bernardu Silva.
Niderllandiya: Sillessen, Dyumfris, de Ligt, van Deyk, Blind, F.de Yong, Vaynaldum, de Ron (L.de Yong, 81), Bergvayn (van de Bek, 60), Depay, Babel (Promes, 46).
Ogohlantirishlar: Dyumfris, 88. van Deyk, 90+1.
Hakam: Undiano Malenko (Ispaniya).
9 iyun. Portu. «Dragau» stadioni.
Tarkiblar
Millatlar ligasi turniri finaliga terma jamoalar eng kuchli tarkiblarini tushirishdi. Yevropaning amaldagi chempionlarini o‘yinga pasportiga ko‘ra 34 yoshli, lekin hamisha navqiron sardor Krishtianu Ronaldu boshlab tushdi. Bu chinakamiga avlodlar va g‘oyalar to‘qnashuviga aylandi. Qolaversa bu o‘yinda o‘rtaga ilk kumush kubok va 10,5 million yevro miqdoridagi mukofot puli tikilgandi.
Ronald Kumanni Krishtianuning shveysarlarga qarshi yarimfinal o‘yinidagi het-trigi aslo cho‘chitmagandi. «Ronaldu yaxshi, ammo biz uni qanday to‘xtatib qolishni bilamiz. O‘ylaymanki, van Deyk va de Ligt bu vazifani bajara olishadi», degandi o‘yindan oldin niderlandlar ustozi.
Kuman «Ayaks» sardori Angliyaga qarshi yarimfinal o‘yinidagi qo‘pol xatosidan keyin o‘zini qanday tutganidan ta'sirlangani aniq. Bunday vaziyatdan keyin o‘zni qo‘lga olib, mudofaada ideal o‘yin ko‘rsatish va o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuboradigan gol urish hammaga ham emas. Murabbiy Angliyaga qarshi o‘yindagi tarkibni o‘zgarishsiz finalga ham tushirdi. Niderlandiya so‘nggi besh yil ichida ilk marta ketma-ket o‘yinda bir xil tarkibda o‘ynadi. Hatto yarimfinal qahramoni Kvinsi Promes zaxirada qoldirildi.
Niderlandiya zarbasiz. Portugaliya - ochiq zonalarsiz

















