Joriy yilning aprel oyi yog‘ingarchilikka boy bo‘ldi. 

U o‘zi bilan ko‘plab talofatlarni ham olib kelganligi kunday ravshan. Bundan tashqari, dasturxonni bezab turuvchi sarxil mevalar joriy mavsum payti narxi yuqoriligicha saqlanib qoldi. Mutaxassislar meva-cheva narxiga ko‘p miqdordagi yog‘ingarchilik ta'sir qilganini bildirmoqda. Birgina gilos narxi o‘tgan yilgi maksimal narxi (10-12 ming so‘m)dan ikki baravar oshib ketgan. Sabab faqat yog‘ingarchilikmi? Haqiqiy vaziyatni bilish uchun aholi va mutasaddilar fikri o‘rganildi.

«O‘tgan yili gilosning maksimal narxi 10-12 ming so‘m edi» 

Toshkent shahridagi nisbatan qimmat va arzon bozor rastalaridagi narx o‘zaro solishtirildi. Farxod dehqon bozorida gilosning buqako‘z navi 25-27 ming so‘m atrofida. Sotuvchilardan buni sababi so‘ralganda, bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi aytildi, hosil ko‘p nobud bo‘lgan. 

Mirobod dehqon bozorida esa narx-navo biroz yuqoriroq: 35-45 ming so‘m. U yerdagilar ham seryomg‘ir mavsumni asosiy vaj, deya ko‘rsatishdi. Shuningdek, eksport hajmi oshganligi ham narxga ta'sir ko‘rsatganligi ta'kidlandi.

«Gilos qancha ko‘p eksport qilinsa, dehqonlarga shuncha foyda» 

Fermer Dilshod Ikromov:

«Toshkent viloyatida 3 gektardan ortiq yerda gilos yetishtiraman. Hosil yig‘ishtirib olish paytida qo‘shni respublikadan xaridorlar kelib ulgurji narxda dalaning o‘zidan gilosni olib ketishadi. Bu yili hosilning 30-40 foizi yog‘ingarchilik oqibatda yaroqsiz holatga keldi. Yaqin yillarda eksport qilishga cheklovlar bekor bo‘lgandan keyin tashqi bozorga chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ilgarilari eksportga limit qo‘yilardi va qog‘ozbozlik ham ko‘p edi. Valuta konvertatsiyasidagi davlat belgilagan narx bilan «qora bozor» niki bir-biriga to‘g‘ri kelmasdi. Vaziyat o‘zgargandan keyin ko‘proq foyda ola boshladik. Fikrimcha, eksport hajmining oshganligi fermerlar uchun juda yaxshi» .

«Seleksiya ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, bir yilda to‘rt martagacha hosil olish mumkin» 

«Agrosanoat»  majmui qoshidagi agentlikning bog‘dorchilik ekinlarini ishlab chiqarish va marketing bo‘yicha koordinatori Azamat G‘ulomov:

«Gilos narxining oshishiga turli omillar sabab bo‘lishi mumkin. Birinchi omil yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lganligi meva hosilini kamaytirgan. Ikkinchisi esa qo‘shni respublikalar, MDH davlatlariga eksport hajmi oshganligi uchun ichki bozordagi taklif pasaygan va narx ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. Undan tashqari, o‘zbek gilosi Angliyaga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilmoqda. Bir tarafdan eksport orqali valuta kirib kelyapti, ikkinchi tarafdan esa aholi cho‘ntagiga zarar yetyapti. Ikkalasini mutanosiblikda ushlash uchun nima qilish kerak?