O‘zbekiston | 12:10 / 20.06.2019
32251
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon aeroporti nega ishlamayapti? «O‘zbekiston havo yo‘llari» holat yuzasidan izoh berdi

Foto: «Daryo»

Bugun, 20 iyun kuni Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi PF-5584-sonli «O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Tadbir davomida Andijon xalqaro aeroporti bilan bog‘liq holat yuzasidan savol berildi.

«Andijon aeroporti ishlamayapti. Aeroportning holati bugungi kun talablari, jumladan, G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlar qo‘nishiga yaroqli emas. Bu biz mahalliy reyslarni bajaradigan A-320 samolyotlariga tegishli. Bu yerda yangi terminal, uchish-qo‘nish maydoni, umuman, barcha infrastrukturani qurish kerak.

Qolaversa vodiyda 50-70 km masofada uchta aeroport bo‘lishi ham maqsadga muvofiq emas.

Lekin baribir kelajakda investor topib, ta'mirlash ishlarini olib boramiz.

Hozirda Andijondagi aeroport ishchilari ishlashda davom etishmoqda, oylik olishyapti», deya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Yer usti inshootlaridan foydalanish va aeroportlarni boshqarish departamenti direktori Anton Xodjayanning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

2018 yil kuzida ijtimoiy tarmoqlarda «Andijon aeroporti yopilib, xususiylashtirilishi, shu tufayli parvozlar to‘xtatilgani» haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi.

Keyinroq, 2019 yil mayida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Kun.uz’ga bergan intervyusida bu masalada to‘xtalgandi.

«Yana bir muammolarimizdan biri —  aeroport. Investorlarni jalb qilishimiz uchun ham ushbu obekt bizga juda zarur. B sinfiga mansub aerodromga ega Andijon viloyati aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirgi marta 1980 yilda, perron 1985 yilda ta'mirlangan. Turli vaj va texnik nosozliklar tufayli faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan viloyat aeroporti tez orada ta'mirlanadi. Yaqin kunlarda aeroportda rekonstruksiya ishlari boshlanadi», degandi hokim.

Termiz xalqaro aeroportida esa shu yil bahorida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilgandi.

Mavzuga oid