Andijon xalqaro aeroportida rekonstruksiyaning 2-bosqichi davom etmoqda. Kun.uz muxbiri aeroport direktori Sohib Kenjayev bilan suhbatlashib, loyihaning qiymati, hozirgacha qilingan va yakuniga yetishini kutayotgan ishlar, ta’mirdan keyin nima o‘zgarishi haqida so‘radi.

Andijon xalqaro aeroporti rekonstruksiya sababli 2023 yil 1 apreldan vaqtinchalik yopilgandi. Ta’mirlash ishlarining birinchi bosqichi yakunlanib, joriy yil 20 martdan boshlab aeroport faoliyatini qisman tikladi.

Hozircha haftaning dushanba va payshanba kunlari Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida parvozlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda loyihaning 2-bosqichi davom etyapti. “Uzbekistan Airports” AJ tashkil etgan press-tur davomida Kun.uz muxbiri Andijon xalqaro aeroporti direktori Sohib Kenjayev bilan suhbatlashib, loyiha va kutilmalar haqida so‘radi.

Rekonstruksiya loyihasi haqida

Birinchi bosqichi doirasida aerodromning bir qismida, uzunligi 3300 metr, eni 60 metrlik yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurildi.

Bu bilan Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlar va quyi toifadagi samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyati yaratildi.

Kenjayevga ko‘ra, rekonstruksiya loyihasini “Aero-yo‘l loyiha” MChJ ishlab chiqqan. Pudratchi – “Dorkompleksnab Plus” MChJ. Loyihaning umumiy qiymati 850 mlrd so‘m bo‘lib, moliyalashtirish manbasi “Uzbekistan Airports” AJ mablag‘lari ekani qayd etildi.

Ikkinchi bosqichda aerovokzal ham to‘liq buzib tashlanib, o‘rniga noldan yangi bino barpo etiladi. 22 ming kvadrat metr maydonga ega yangi aerovokzal barpo etiladi. Parvozlar to‘xtamasligi uchun hozirgi aerovokzal yonidan 4 ming kvadrat metrlik binoni oldin qurib bitkazib, foydalanishga topshiramiz va shundan keyin hozirgi aerovokzalni buzib davom ettiramiz”, – dedi Kenjayev.

Ayni kunlarda aerodromda ikkinchi yurish yo‘lagi va 7 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi davom etmoqda, xalqaro talablarga muvofiq radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilyapti. Ishlar yakunlangach, perron bir vaqtning o‘zida 10 tagacha samolyotga xizmat qila oladi.