O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasiga ilk marotaba ayol kishi rahbarlik qiladigan bo‘ldi. 20 iyun kuni Senat yalpi majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev taqdimiga binoan Tanzila Norboyeva Senat raisi etib saylandi.

Bungacha Xotin-qizlar qo‘mitasiga rahbarlik qilib kelgan Norboyeva yangi lavozimida bosh prokurorlikka o‘tgan Nig‘matilla Yo‘ldoshevning o‘rnini egalladi.

Yalpi majlisda 81 nafar senator Norboyeva nomzodini yoqlab ovoz berdi, 2 senator betaraf qoldi, «qarshi» ovoz berganlar bo‘lmadi.

Senatning to‘rtinchi raisi

Tanzila Kamolovna – O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi raisidir. Mamlakatda ikki palatali parlamentarizmga o‘tilgan 2005 yildan buyon qonun chiqaruvchi va vakillik organining yuqori palatasini Murod Sharifxo‘jayev, Ilgizar Sobirov va Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshqarib kelgan.

O‘zbekiston Senatining ilk rahbari, akademik Murod Sharifxo‘jayev bu lavozimda bir yil faoliyat yuritgach, 2006 yil fevralida sog‘ligi bilan bog‘liq muammo tufayli iste'foga chiqqan.

Sharifxo‘jayevdan keyin Senatga rahbarlik qilgan Ilgizar Sobirov ham, Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham sud-huquq sohasi vakili edi. 2006-2015 yillarda bu lavozim egasi bo‘lgan Sobirov bungacha sud, adliya va hokimiyat organlarida ishlagan bo‘lsa, undan keyin kelgan Yo‘ldoshev prokuratura va adliya organlarida uzoq yillik ish tajribasiga ega edi.

45 yillik mehnat faoliyati

Senatning ilk ayol raisi sifatida O‘zbekiston tarixidan joy oladigan 63 yoshli Tanzila Norboyeva mehnat faoliyatini boshlaganiga 45 yil bo‘lgan.

U 1956 yilda Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1981 yilda Toshkent davlat universitetini bitirgan. Pedagogika fanlari nomzodi.

Ish faoliyatini 1974 yilda Andijon viloyati Shahrixon shahridagi 1-maktab yoshlari yetakchisi lavozimidan boshlab, 1975-1995 yillari Toshkent shahrida maktab o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari va Toshkent shahar o‘quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajadagi davlat organlarida mas'ul lavozimlarda ishlagan.

1995-2010 yillari Bosh vazir o‘rinbosari kotibiyati mudiri, Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmuasi rahbari kotibiyati mudiri, Vazirlar Mahkamasi Ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi lavozimlarini egallagan.