Bugun, 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni asosida bir guruh matbuot va OAV xodimlari mukofotlandi.

Prezident tabrigi matni prezident spichrayteri tomonidan o‘qib eshittirildi. Jurnalistlar va blogerlarga mukofotlar O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan topshirildi.

«Qadrli do‘stlar!

Avvalo siz, azizlarni kasb bayramingiz – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Sizlarga o‘zimning samimiy hurmatim, ezgu tilaklarimni bildirib, mashaqqatli va olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir va mas'uliyatli bo‘lgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas'uliyat yanada kuchaymoqda.

Bugungi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalar kabi axborot olish va uni yetkazish, ta'sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida ham raqobat keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda hayot yangi-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.

Shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, milliy media makonda turli mulk shakli hamda siyosiy-ijtimoiy yo‘nalishdagi ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. 

Global tarmoqda Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni tobora ko‘payib, ular turli tillarda ish yuritmoqda. 

Yangicha sharoitda axborot sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida sobiq O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi  tashkil etilganidan xabaringiz bor. 

Ushbu agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatini muvofiqlashtirish, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xorijiy media kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, chet el veb-resurslari va saytlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish, bir so‘z bilan aytganda, axborot maydonidagi fikrlar xilma-xilligini ta'minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.