Ertalabki payt «Beruniy» metrosidan chiqib, «Shifokorlar shaharchasi»ga qarab ketishda, yo‘lning chap tarafida katta izdihomning to‘planib turgani ko‘zga tashlanadi.

Surishtirsangiz, respublika onkologiya markazining oldidagi odamlar shifokorlar qabuliga kirish uchun navbat kutib o‘tirishgan bo‘ladi. Navbatlar sababini aniqlash maqsadida muassasadagi holat bilan tanishdik. Muassasadagi sharoit haqida bemorlarning o‘zlari yetarlicha ma'lumot berishdi.

Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi respublikada saratonni davolashga mo‘ljallangan bosh muassasa hisoblanadi. Muassasa huzurida respublika bo‘ylab 16ta yirik onkologiya dispanserlari hamda shahar va tuman poliklinikalarida 232ta onkokabinetlar tashkil etilgan. Butun respublika bo‘ylab umumiy hisobda 2265ta onkologiya koykasi (kerakli uskunalar bilan jihozlangan davolanish o‘rni) mavjud bo‘lib, uning 145tasi bolalar uchun mo‘ljallangan. Markazda onkologik xastaliklarni tashxislash va davolash ishlari bilan bir qatorda saraton kasalliklarini tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlar ham olib boriladi.

Dastlab, mazkur tibbiy muassasadagi holatlar, xizmatlar sifati haqida bemorlarning fikrlari o‘rganildi (bemorlarning iltimosiga binoan ism-shariflar ko‘rsatilmadi).

«Ro‘yxatga oladigan joy atigi ikkita» 

Birinchi bemor:

── Onkologiya markazi ertalab sakkizdan tushki 2gacha ishlaydi. Ishini bitirishga kim ulguradi, kim yo‘q. Ertalab yettidanoq darvoza oldida katta olomon to‘planadi. Navbatning cheki yo‘q. Odamlar ham, mashina ham bitta joydan kirib chiqadi. Sakkizgacha darvozani yopib turishadi: darvoza ochilgandan keyin to‘polonni ko‘ring ─ hamma tezroq navbat olib, birinchi bo‘lib qabulga kirib chiqishga shoshiladi. Chunki ro‘yxatga olinadigan joy atigi ikkita. Odam esa juda ko‘p. Faqat tushgacha qabul qilishgani uchun ulgurib qolish qiyin masala.

«Muolajalardan ko‘ra navbatlar odamning sillasini quritadi...» 

Ikkinchi bemor:

─ Bu yerdagi xodimlarning muomalasidan ko‘nglim to‘q. Shifokorlar tashxisni, holatingiz haqidagi ma'lumotlarni batafsil, hafsala bilan tushuntiradi. Hamshiralari ham yaxshi. Faqat navbat muammosidan ko‘p qiynalamiz. O‘zingizga ma'lum, onkologiya bir-ikki marta kelib ketgan bilan hal bo‘ladigan kasallik emas. Odamlar oylab vaqtini shu yerga qatnab o‘tkazadi. Lekin muolajalardan ham ko‘ra ko‘proq navbat odamlarning sillasini quritadi. Davolovchi shifokorlar soni ko‘paytirilsa yoki navbat nazoratga olinsa, yaxshi bo‘lardi.