YuNeSKO tashkilotining muzeylar faoliyati, arxeologiya va madaniyat siyosati bo‘yicha katta xalqaro maslahatchisi Styuart Gibson Shahrisabz va Samarqand shaharlariga Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarib yuborilishi tahdid solayotgani bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha Kun.uz muxbiri savollariga javob berdi.
Eslatib o‘tamiz, 2 iyul kuni YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasi Boku shahridagi 40-sessiyasi hisobotida Shahrisabzning tarixiy markazi Umumjahon merosining «xavf ostidagi» obektlar ro‘yxatida qoldirilishi qayd etilgandi.
Shuningdek, Samarqand shahrining tarixiy markazida barpo etilayotgan ko‘pqavatli yangi binolar madaniy qiymatga ega tarixiy binolarga zarar yetkazayotgani tufayli, Samarqandning tarixiy qismi Umumjahon merosi ro‘yxatidan o‘chirilishi mumkinligi hisobotda ta'kidlab o‘tilgan edi.
Dastlab Styuart Gibson Shahrisabzning tarixiy markazi Umumjahon merosining «xavf ostidagi» obektlar ro‘yxatida qoldirilganiga izoh berdi.
«Men YuNESKO nomidan rasmiy fikr bildira olmayman, chunki faqat maslahatchi bo‘lib ishlayman xolos», - deb so‘z boshladi Gibson.
«Lekin YuNeSKO ikki yil ichida vaziyatni o‘rganib, albatta bu masalada bir qarorga keladi. Shahrisabz Umumjahon merosi ro‘yxatida qoldirilishi ham, ro‘yxatdan chiqarib yuborilishi ham mumkin. Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, YuNESKO tarixiy shaharlarni ro‘yxatdan chiqarib yuborishdan manfaatdor emas. Ammo tashkilotning o‘z tartib-qoidalari ham bor. Shu sababdan bu har bir mamlakat misolida alohida o‘rganib chiqiladi. Ko‘p hollarda bu o‘sha davlatlar tomonidan qilinayotgan ishlar, yodgorliklar atrofidagi vaziyatga bog‘liq», - dedi Gibson.
Styuart Gibson Shahrisabz va Samarqandning YuNeSKO ro‘yxatida qolishi uchun nimalar qilinishi kerak degan savolga javob berish o‘z vakolatiga kirmasligini aytdi.
«Ochig‘ini aytsam, bu savolga javob berishdan ojizman. Chunki bunga mas'ul odamdan izoh olish kerak. Bu masalada YuNESKOning Toshkentdagi vakili bilan suhbatlashish kerak. U savolingizga aniq javob beradi», - dedi u.
Shuningdek, Gibson Shahrisabz va Samarqandning YuNeSKO ro‘yxatidan chiqarilishi O‘zbekiston uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishini aytdi.

















