Navoiy viloyatida aholining mazmunli dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan maskanlar talaygina. Ayniqsa, zamonaviy ko‘rinishda barpo etilayotgan madaniyat va istirohat bog‘lari, ularda aholining ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun yaratilayotgan qulayliklar, xizmat ko‘rsatish tizimi kundan-kunga yuksalib borayotganligi quvonarlidir.




Ayniqsa, Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i bugungi kunda viloyat aholisi hamda mehmonlarining asosiy ko‘ngilochar maskanlaridan biriga aylangan.
Istirohat bog‘i rahbariyati va xodimlari aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida bog‘ hududida bir qator obodonlashtirish, yangi attraksionlar bilan boyitish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Ayni vaqtda bog‘ hududida turli o‘yingohlar tashkil etilgan va 36 turdagi attraksionlar mavjud.





«Charxpalak», «Karusel», «Uchar stulchalar», «Kichik charxpalak», «Kichik lodka», «Kichik poyezdcha», «Samolyotcha», «Raketa», «Arg‘imchoq», «Elektroavtobuslar» kabi attraksionlar shular jumlasidandir.
Bog‘ hududini obodonlashtirish jarayonida barcha yoritgichlar yangilandi va favvoralar qayta ta'mirlandi. «Akvapark» suv majmuasida mavsumoldi tayyorgarlik ishlari olib borildi. O‘yingoh va attraksionlarda xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha doimiy ravishda tegishli choralar ko‘rilmoqda.































