O‘zbekistonda saratonga xos haqiqiy jazirama hukm surmoqda. Har yili aynan mana shunday kunlarda eng issiq yil bo‘lgani, sinoptiklar asl haroratni yashirayotgani kabi mish-mishlar urchiyveradi. Ammo dunyo statistikasi olib qaralsa, O‘zbekiston shaharlari issiq o‘lkalar o‘nligi tugul elliktaligiga ham kira olmaydi. E'tiboringizga havola etilayotgan eng issiq shaharlar reytingi buning isbotidir.

Muhim jihat – eng yuqori harorat reytingini tuzishda ko‘plab uslublardan foydalanilgan. Kimdir yil davomida kechuvchi o‘rtacha haroratni olsa, yana qaysidir tadqiqotchi eng issiq paytlarda qayd etilgan absolyut rekordlarni ro‘yxatga olgan. Ko‘pchilikni aynan o‘sha eng yuqori harorat qiziqtirishini hisobga olib, aholi muntazam yashaydigan yirik va eng issiq shaharlar yettiligini e'tiboringizga havola qilamiz*.

Ularda qayd etilgan eng yuqori harorat hatto dunyo bo‘ylab eng baland hisoblangan O‘lim vodiysiga juda yaqin kelib qolganligining ham o‘ziga xos sabablari bor. Aholining o‘ta zichligi, sanoat rivojlangani tufayli gazli ajratmalar, avtomobillar tirbandligi kabi omillar yuqori haroratga sabab bo‘ladi.

Avvalo, umuman, O‘zbekistonda, keyin poytaxt Toshkentdagi mutlaq rekordni bir eslab olsak va ana shunga qarab solishtirib ko‘rsak. Demak, O‘zbekistonda eng yuqori harorat Qizilqum cho‘lida va Termiz shahri yaqinida qayd etilgan (50°S), Toshkent shahrida yoz mavsumining absolyut maksimumi 44.6 daraja issiqqa teng (1997 yil 18 iyul).

7. Afrika... Jazirama... Qohira...

To‘g‘ri, Afrika qit'asida absolyut ko‘rsatkichlarda Qohiradan ham issiqroq hududlar bor. Ammo yuqorida aytganimizdek, bugun biz yirik shaharlar va ulardagi tabiat bilan birga inson omili tufayli yuzaga kelgan yuqori harorat haqida gapirmoqdamiz. Qohirada taxminan 20 mln aholi bor. Shularning faqat 2 mln nafarga yaqinigina Nil daryosining shabadasidan bahra olishadi. Qolganlar bu ne'matdan mahrum, yoz oylarida issiqda qovuriladigan bu shaharda harorat 48-49 darajagacha chiqishi mumkin.

6. Feniks va Las-Vegas. AQSh  

Bu shaharda yoz oylarida kechuvchi dahshatli jaziramaga qaramay, Feniks AQShning yirik shaharlaridan biri, o‘ziga yarasha osmono‘par binolarga, rivojlangan sanoatga ega. Bu shahar yog‘ingarchiliklardan deyarli mosuvo, quruq va quyoshli iqlimda harorat 49-50 darajaga ko‘tarilib turadi. “Gunohlar shahri” deya ataluvchi, kazinolarga boy Las-Vegas shahri ham ayni shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Feniks qatorida turadi.