Ijtimoiy tarmoqlarda Valijon Shamshiyev boshlab bergan va boshqa bir qator san'atkorlar davom ettirgan o‘ziga xos fleshmob tarqalmoqda. Telegramdagi «BUGUNUZ» kanalida joylashtirilgan videoda so‘z ustalari va qo‘shiqchilar MIB xodimlarini og‘iz ko‘pirtirib maqtashini ko‘rish mumkin.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Boshidan ta'kidlash kerak, bu fleshmobda barcha san'atkorlar va xalq artistlari ham ko‘rinmaydi. San'at olami vakillari tomonidan uyushtirilgan bu kichik aksiya tabiiyki bir qator savollarni keltirib chiqaradi:
1. San'at vakillari o‘z ixtiyorlari bilan MIBni maqtashyaptimi?
2. Birinchi savolga katta ehtimol bilan yo‘q degan javob berilishini taxmin qilsak, kim yoki nima ularni bu ishga majbur qilmoqda?
3. Tabiiyki mavzu yuzasidan so‘ralsa, barcha san'atkorlar bu o‘zlarining tashabbuslari ekanini aytishadi, lekin nega ular ko‘pchilik bo‘lib va bir vaqtda bunday g‘oyaga ergashdilar?
4. MIBning obro‘si shu qadar tushganmidi, bu aksiyadan so‘ng ko‘tariladimi?
5. Eng muhimi, bu fleshmobga MIB va «O‘zbekkonsert» rahbariyatining munosabati qanaqa?
Bugun mana shu savollarga javob axtarib ijtimoiy tarmoqlardagi bu aksiyaga munosabat, shuningdek o‘z shaxsini sir saqlagan manbalarning ma'lumotlarini ham o‘rganamiz.
Demak, o‘z shaxsini sir saqlashni so‘ragan manbaning aytishicha, MIB xodimlariga o‘zlariga tanish san'atkorlarni topib, MIB faoliyatini maqtab berishlarini so‘rash va videolarini jamlab, tarqatish buyurilgan.
Video ostidagi izohlar kutilganidek turli-tuman bo‘ldi. Kimdir san'atkorlarning ikkiyuzlamachiligini qoralagan, o‘zlari hamisha to‘lov va soliqlardan qochib yurishlarini tanqid qilgan bo‘lsa, yana kimdir MIB shu yo‘l bilan o‘z imijini yaxshilashga urinayotgani, lekin bu piar ko‘p ham samarali bo‘lmayotganini ta'kidladi. Bu aksiyani oqlaganlar, o‘zaro hamkorlik natijasida ommaning to‘lov madaniyati yaxshilanishini bildirganlar ham bo‘ldi, ammo ular juda ozchilik edi.




















