Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Respublikada o‘rmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan o‘rmon fondi yerlarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo‘lgan muddatga berishga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi huquqlar beriladi:

a) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan loyiha asosida:

o‘rmon fondining o‘zlashtirilmagan yerlarida yangidan himoya o‘rmonlari barpo etish, bir yilgacha bo‘lgan muddatda parvarishlash va infrastruktura obektlarini qurish;

barpo etilgan o‘rmonlar ostidagi o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olish huquqini narxni oshirib borish shaklida o‘tkaziladigan kim oshdi savdolari asosida sotish, bunda boshlang‘ich to‘lov miqdorini Jamg‘armadan qilingan xarajatlar summasidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash;

o‘rmonzorlarni ijaraga olish huquqini sotish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplash;

b) o‘rmon fondi yerlarini investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berish;

v) o‘rmon fondi yerlarni ijaraga berishdan kelib tushadigan mablag‘larni to‘liqligicha Jamg‘arma daromadiga o‘tkazish.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

O‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga va rekonstruksiya qilishga (o‘rmondan o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun, limonariy va issiqxonalar ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish bilan bog‘liq) ruxsat berishda davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomalar o‘rmondan foydalanuvchi yoki ijaraga oluvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatga tenglashtiriladi.