Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi hududlarining turistik brendlarini ishlab chiqishga doir tanlov yakunlarini e'lon qildi.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan «2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi»ni amalga oshirish bo‘yicha «2019 yilgi chora-tadbirlar rejasi»ga muvofiq o‘tkazildi.

O‘tkazilgan ochiq umumxalq onlayn ovoz berish jarayoni natijalariga ko‘ra, viloyatlarning 9ta turistik logotipi tanlab olindi. 5ta hudud bo‘yicha g‘olib aniqlanmadi, sababi – ishtirokchilarning 20 foizi barcha variantga qarshi ovoz berishdi.

Buxoro viloyatining turistik logotipi – lotincha B harfi bilan birlashtirilgan «Minorai Kalon» tasviri, muallif Jasur G‘ayratov, 9825ta (27,3 foiz) ovoz to‘plagan.  

Qashqadaryo viloyatining turistik logotipi – uchta barg – Amir Temurning tamg‘asiga ishora, muallif Aslan Mo‘ydinov, 2859ta (63,5 foiz) ovoz to‘plagan.  

Namangan viloyatining turistik logotipi – lotincha N harfiga moslashtirilgan gul novdasi va gulbargi, muallif Jasur G‘ayratov, 3315ta (42,3 foiz) ovoz to‘plagan.  

Samarqand viloyatining turistik logotipi – «Registon» ansambli, tog‘lar, ko‘k gumbazlar va Samarqand noni tasviri, muallif Elmira Abizbayeva, 8494ta (50,8 foiz) ovoz to‘plagan.  

Surxondaryo viloyatining turistik logotipi – Surxondaryo kanonlari va kuydiruvchi oq quyosh, muallif Habiba Nigmatullayeva, 5866ta (51,4 foiz) ovoz to‘plagan.