Kun.uz tahririyatiga juda ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Imkoniyatlardan kelib chiqqan holda eng dolzarb, ko‘pchilikning muammosini hal qilib berishi mumkin bo‘lgan mavzularni tanlaymiz.

Murojaatni joyiga borib o‘rganish ham alohida murakkab jarayon. Ba'zida yillar davomida shakllangan, ikki-uch to‘plam hujjatlarga jo bo‘lgan muammoli holatlarni tahlil qilishga to‘g‘ri keladi. Masala bilan tanishib, uning ichiga kirib borguncha aql shoshadi. Surishtiruvlar barcha ziddiyatli tomonlarni tinglagan holda olib boriladi.

Eng muhimi esa masalani to‘g‘ri va xolis yondashuv bilan maqola yoki videomaterial ko‘rinishiga keltirib e'lon qilishda. Hamisha bilib-bilmay, «oqni qora, qorani oq», demadikmikin, kimningdir manfaatini himoya qilib qo‘ymadikmikin, haqiqatdan uzoq ketib qolmadikmikin, degan xavotirlar bo‘ladi.

Qarangki, bir necha kun oldin Kun.uz saytida e'lon qilingan «Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. «O‘z xohishi» bilan...» sarlavhali maqoladan keyin «Sevimli TV» muxbiri ham Chustga borib, «Zamon» ko‘rsatuvi uchun jurnalistik surishtiruv o‘tkazibdi va maktab hududida o‘qituvchilarni va hatto maktab direktorini «topa olmasdan», «O‘qituvchilar ta'mirlash ishlariga jalb etilganmidi?» sarlavhali videolavhasida saytdagi maqolada keltirilgan faktlar yolg‘onligini «fosh etib» qaytibdi...

Keling, hammasini boshidan boshlaylik.

Video: Youtube

Voqeaning asli

Chust shahridagi 9-maktab o‘qituvchilari sayt tahririyatiga ta'til chog‘ida dam olish o‘rniga maktabdagi qurilish ishlariga majburan jalb qilinayotganliklari haqida foto va videolavhalar jo‘natib yordam so‘rashdi.

«Namangan viloyati, Chust shahridagi 9-maktab o‘qituvchilari mehnat ta'tili davrida majburiy mehnatga jalb qilinmoqda. O‘qituvchilar direktorning «Kelmasangiz dars soati berilmaydi», degan dag‘dag‘asidan qo‘rqib ishga chiqishmoqda. Bunday ishlar qachon tugaydi? Kim biz o‘qituvchilarni himoya qiladi?», deyilgandi murojaatda.