Agar siz biror buyum xarid qilmoqchi bo‘lsangiz uning sifati bilan birga ishonarli, to‘g‘ri qo‘ldan olinayotgani ham muhim omil hisoblanadi. Xaridor sotib olishdan avval «mol» «toza»ligiga amin bo‘lishi kerak. Biroq davlatdan sotib olingan mulkdan ertaga muammo chiqishini kim ham o‘ylaydi, deysiz.

Farg‘ona viloyati, Rishton tumanidan bo‘lgan tadbirkor Soyibjon Buvojonov bilan tushunarsiz holat ro‘y bergan. U «E-IJRO AUKSION» Yagona savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali Rishton tumanida joylashgan Farg‘ona viloyat «O‘zagrokimyohimoya» XAJga qarashli yer uchastkasini sotib oladi. U bu ko‘chmas mulkni olib katta ishlarni boshlash niyatida edi. Lekin, qani endi hammasi u o‘ylagandek bo‘lsa?

Video: Youtube

«2018 yil 23 oktyabrda bu mulkni auksionda 279 million so‘mga sotib olgandim. Bu pulni davlat g‘aznasiga 5 ish kunida to‘ladim. So‘ng kadastr hujjatlarini qildim, guvohnoma va yerga qarorlarni oldim. Prezidentimiz ta'kidlaganidek ish o‘rinlari yaratmoqchi edim. Minib turgan Hyundai rusumli kombaynim bor edi. Pulni o‘sha kombaynimni sotib, odamlardan qarz olib, qiynalib to‘ladim. Keyin esa «O‘zagrokimyohimoya»  sudga berib binosini qaytarib oldi. Bino 4 marta sotuvga qo‘yilgan ekan. Men beshinchi marta qo‘yilgan vaqtda sotib olganman. Birinchi marta onlayn auksionga qo‘yganida 430 million so‘mga baholashgan. Hech kim kirib o‘ynamagandan keyin narxi tushib 280 million so‘mga olganman. Binoga esa kira olmadim. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudi auksion hujjatlarini bekor qilib yubordi. Advokat yolladim. Keyin Farg‘ona viloyat prokuraturasiga ariza berdim. Viloyat prokuraturasi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish bo‘yicha protest kiritdi. Biroq, viloyat fuqarolik sudi buni inobatga olmadi.

Hozir qayoqqa borishni bilmasdan sarsonman. Oradan 9 oy vaqt o‘tib ketdi. 279 million so‘m pulimga tadbirkorlik qilganimda yaxshigina daromad topgan bo‘lar edim. Shundan beri oilamda ham, o‘zimda ham halovat yo‘q. Men davlatdan joy olyapman, deb ishongandim. Endi na pulimni, na binoni ololyapman, o‘rtada sarsonman. Binoni olganimda o‘quv markazlari, xususiy maktablar ochmoqchi edim. Rishtonimiz buzilib ketdi. Shu sababli, qurilish do‘koni ham qilmoqchi edim. Rejalarim ko‘p edi. Lekin, shu bino va shu auksion sabab oyog‘imga bolta urildi», deydi tadbirkor.