«Tiriliş» (Voskreseniye) Lev Nikolayeviç Tolstoyning eng oxirgi romani. Tolstoy dahosining 10 yillik mehnati (1889 ─ 1899) samarasi ölaroq dunyoga kelgan asarda adib öz zamonasidagi voqelikni tasvirlagan bölsa-da, insoniyatning barça zamonlariga xos muammolarni oçib bergan.
Illyustratsiya: Boris Pasternak
Syujyet liniyasi haqida
Nasab jihatidan dvoryanlardan bölgan Tolstoy öz asarlarida, asosan, oliy tabaqa vakillarining haşamdor, közni qamaştiradigan jimjimali hayotini tasvirlaydi. «Tiriliş»da esa bu an'anadan yarim qadam çekingan holda oddiy rus xalqining kulrang böyoqli hayoti ham oçib berilgan. Roman knyaz Dmitriy Ivanoviç Nexlyudovning özi uçun hayot haqiqatini kaşf etişi töğrisida.
Knyaz boyvuçça ammalarining qölida «yarim oqsoç, yarim asrandi» bölib katta bölgan Katerina Maslova (Katyuşa)ni uçratib qoladi. Katyuşa xulqi haminqadar bölgan onadan va tayini yöq löli otadan dunyoga kelgan. Boyvuçça grafinyalar eşigida xizmat qilib katta böladi va kunlarning birida öz bekalarining mehmonga kelgan xuşsurat jiyani ─ knyaz Nexlyudov bilan töqnaşib qoladi. Avvaliga ular bir-biriga ma'naviy ehtiyoj, pok muhabbat bilan boğlanadi. Harbiy xizmatga borib, «kattalar hayoti» bilan tanişgaç, Nexlyudov mutlaqo boşqaça atvorga ega bölib ikki yildan söng qaytadi, bu gal Katyuşaga şahvoniy hirs, jismoniy talpiniş bilan qaray boşlaydi va.....uni yöldan uradi. Bu aybini esa qizning qöliga 100 söm tutqaziş bilan «yuvgandek» böladi, çunki uning nazdida, «hamma şunaqa qiladi, bu tabiiy...». Va qizni yolğiz taşlab, özining haşamatli hayotiga ğarq böladi.
Böyida bölganini anglagan Katyuşa esa boladan «qutulib olgaç» yomon yölga kirib ketadi, islovotxonada kun köra boşladi. Kunlarning birida anglaşilmovçilik tufayli savdogarning ölimida ayblanib, sud qilinadi. Çarxi kajraftorning işi bilan, bu sudda maslahatçilar tarkibida Nexlyudov ham bor edi. Qizni tanigan Nexlyudov uning bu yölga kirib ketişiga özining uni yöldan urgani sabab bölgan degan xulosaga keladi, gunohini yuviş uçun sudya va maslahatçilarning hafsalasizligi natijasi ölaroq nohaq katorgaga hukm qilingan qizni qutqarişga, unga uylanişga ahd qiladi.
Qizni qamoqdan çiqarib olişga harakati davomida hibsxonalardagi ahvol, arzimagan harakat va baxsiz tasodif natijasida qamalganlarning taqdiri bilan tanişa boradi, sudya, prokuror, advokat, tergovçi, hibsxona rahbari ─ barçasining insonlar taqdiriga öta adolatsiz va befarq qaraşi, bir matohdek munosabatda bölişiga, noçor kişilar hayotining turmada çirib ketişi oddiy holga aylanganiga guvoh böladi. Jamiyatda bunday hol yuzaga kelişiga turtki bölgan faktorlarni va aybdorlarni izlaydi, buning barobarida öz şaxsiyatida ham katarsis jarayoni keçadi.
Mavzuga oid
Qamoq hayoti unda bevosita yaşayotgan Katyuşa va hibsdagilar uçun najot yölini izlagan Nexlyudov hayotida tub buriliş yasaydi, «tiriliş» ─ jismoniy ehtiyojlarga qurilgan, tizgini nafs qöliga tutqazilgan hayotdan ma'naviy poklik, insoniy oliyjanoblikka ötiş jarayoni boşlanadi.
Asarda öquvçi e'tibori ikki parallel jarayonga qaratiladi: inson nafsi va içki «men» örtasidagi kuraş hamda jamiyatdagi adolatsizliklar, jinoyatçilikning urçişi sabablari.
«Men» ─ içimdagi qumursqa
...Nexlyudov öz umrida, uning ta'biriça, bir neça bor «qalbini pokizalab olgan» edi. Ba'zan, oradan ançagina vaqt ötgaç, u ma'naviy hayoti susayib yoki turğunlikka uçrab qolganini his etar va könglida yiğilib qolgan bu turğunlikka sabab bölgan barça iflosliklarni tozalay boşlardi. Ana şunday ahvolni «qalbni pokizalaş» deb atardi...
Knyaz oliy doiraga mansub. Bu doiraning barça xislatlari ─ manmanlik, xudbinlik, molparastlik, haşamat va pulga öçlik uni doimiy ta'qib etsa-da va köp hollarda öziga böysundira olsa-da, undagi insoniylik, hayotning çin ma'nosini izlaşga intiliş butunlay jon bermagan. Özligini anglaşga, umrining asl motivini axtarişga bölgan intiliş unda uyğonib turadi, qamoqxona hayoti bilan tanişgandan keyin esa bu jarayon yanada kuçayadi. Ammo oliy doiraning jimjimali hayotidan voz keçiş, umrni şunçaki yaxşi inson bölişga bağişlaş oson keçmaydi. Bu holatni Tolstoy quyidagiça tasvirlaydi: ...uyquga töyib uyğongan odam özini kutib turgan muhim va quvonçli işni bajariş uçun allaqaçon turişi kerakligini bilsa-da, uyqusi kelmayotganiga qaramay, töşakda rohatlanib yana yotgisi keladi...
Öz savollariga javob qidirgan Nexlyudov şaxsiy ehtiyojlari atrofida öralaşib qolgan kişilar umrini asl missiyasidan çalğiganlarga qiyoslaydi: xöjayinining işini qilinglar deb boqqa yuborilgan boğbonlar boğni özlarining xususiy mulklari deb xayol qilganlar, ular boğdagi jamiki narsalarni özlari uçun qilingan deb bilişgan. Şuning uçun işimiz xöjayinni esdan çiqarib, xöjayinni hamda xöjayinning oldidagi burçni eslatuvçilarni öldirib, boğda gaşt qilib yaşaşdan iborat, degan fikrga kelişgan...
Nexlyudovning dösti, Senat kotibi Selenin misolida içki uyğoqlik körsatiladi. Uning oilaviy hayotidan ham, işidan ham, boring-ki, ana e'tiqod qiladigan dinidan ham köngli tölmaydi. Bu köngli tölmasliq, qoniqmaslik hissi aslida noşukrlik yoki noşudlik emas. Balki, aksinça, özidagi kamçiliklarni köra oliş, ulardan köz yummaslikdir...
Odatiylik, özi könikkan qobiqqa könikib yaşaş, komfort zonasidan çiqa olmaslik, hayotdan qoniqiş his qilib yoki qoniqayotgandek özini körsatib yaşaş oson, lekin bu ölimga olib boradi, ruhiy tanazzulga yetaklaydi.
Nexlyudovning ta'biriça, har kimning içida bir qumursqa bor ─ bu asl «men». U ba'zida ğimirlab, töğri gapni aytib turadi, lekin biz şahvoniyatga şunçalar qulmizki, bu qumursqani eşitib-eşitmaganlikka olamiz, ovozini öçirişni istaymiz. Vaholanki, bu qumursqani uyğotiş, qayta mudraşiga izn bermaslik kerak. Asl tiriliş, inqilob şunday röy beradi.
Asl jinoyatçi kim: sudya yoki sudlanuvçi?
«Tiriliş»dagi markaziy ijtimoiy muammo qamoqxonalarda çiriyotgan umrlar va bunga odatiy holdek qaraydigan, «qora frak kiyib, tilla hoşiyali pensne» taqib olgan sudyalar, prokurorlarning xudbinligi haqida.
Şolça öğirlab qölga tuşgan yesir bolakayni söroq qilişayotganda Nexlyudov öziça mulohaza qiladi. «Bu bola qandaydir bir boşqaça yovuz emasdir axir, uning oddiygina odam ekanligini hamma körib turibdi-ku. U xuddi ana şunday odamlarni yetiştiradigan muhitda yaşagani uçungina jinoyatkor bölgan axir. Mana şunday bolalar bölmasligi uçun esa bunday baxsiz zotlarning paydo bölişiga sababçi bölgan şaroitlarni yöq qilişga harakat qiliş lozim. Biz esa nima qilyapmiz? Biz bunaqa yigitlarning minglarçasi qölga tuşmay çetda qolib ketayotganligini bilaturib mana şunday qöqqisdan qölga tuşib qolganiga mahkam yopişib olib, turmada uning umrini bekorga çiritamiz yoki bema'ni mehnat bilan ötkazamiz...».
«...Ular xavfliyu biz xavfli emasmizmi?.. Men buzuqman, fohişa, aldamçiman. Mening şunaqaligimni köra bila turib mendan nafratlaniş u yoqda tursin, qaytaga hurmat qilişadi. Çunki men oliy tabaqadaman. Ular esa şunçaki qora xalq...»
Romanda hibsxonlarda turli sabablar bilan umri çiriyotgan jinoyatçilarning bu ahvolga kelişiga sabab bölgan jamiyat, ularni qamoqqa tiqqan sudya, prokuror, tergovçilarning özi ham jinoyatçilikda ulardan kam emasligi, faqat ular öz jinoyatini «nafosat bilan» amalga oşirişi va xaspöşlaşi tasvirlanadi.
«Jinoyatçilarning paydo bölişiga sabab bölgan şaroitni yöqotiş uçun harakat qiliş örniga bundaylarni yetiştiradigan korxonalarni qöllab-quvvatlaymiz ham. Bular fabrika va zavodlar, qovoqxonalar va fohişaxonalardir... Jamiyat ularni yöqotmayapti, demak, ularga özi ham ehtiyoj sezadi». Bu Katyuşa Maslovaning taqdiri misolida körsatiladi.
Maslova yengiltak. Lekin u özini keraksiz deb emas, balki zarur şaxs deb biladi, özini qadrli deb hisoblaydi. Çunki hayotida uçragan erkaklar unga va unga öxşagan ayollarga zorligini, etagiga yopişib olişini özi kördi, his qildi. Jamiyatning özi uning kerakligini ta'kidladi, isbotladi.
Odamlar nima uçun yöldan ozadi? Ataymi yoinki yöl qiyşiq bölgani uçunmi? Bu qiyşiq yölni jamiyat qurgani uçun emasmikan? Xalq jinoyat qiladi, çunki u oç. U işlaydi, qora terga botib işlaydi. «Lekin u qaşşoqlikdan, birlamçi ehtiyoj ─ non va sutning yöqligidan ölib ketyapti. Çunki ular öz noni uçun emas, yer egalari va kattakonlar özlariga şlyapalar, hassalar, izvoşlar, yaltiroq narsalar sotib olişi uçun işlaşadi. Qora xalq öğrilikning yomonligini bilmasligi mumkin. Çunki unga öğirlama deyişgan. Lekin u fabrikalar haqini uşlab qolib mehnatini öğirlayotganini, hukumat soliq solib, butun töralari bilan tinmay uni talayotganini körib turibdi, şunga qarab xulosa qiladi».
Şolça öğirlab qölga tuşgan bolakay Nexlyudovning birgina sözi bilan ozod etiladi. Gap Nexlyudovning obrösi, qöli uzunligida emas, balki bu şolça öğrisining aslida aybdor emasligini hamma bilib turgani, lekin uning himoyasiga hafsala qilmagani bilan izohlanadi.
«Haqiqiy jinoyat, odamxörliklar Taygalarda, surgunlarda, avaxtalarda emas, balki ministrliklar, departamentlarda, komitetlarda röy beradi», - deb yozadi Tolstoy.
Lab-lunjini qon qilib, iflos qöli bilan odam göştini ğajiyotgan odamxör-u, xuddi öşa göştni yoqasiga oppoq salfetkani qistirib, sançqini nazokat bilan uşlab yeyayotgan odamxör emasmi?
Umuman, birovlar boşqalarni nega va qaysi huquqqa asosan qamaydi, surgun qiladi, qiynoqqa soladi? Qamatganning qamalgandan farqi qançalik? U oppoqmi? Birov birovni qanday asosga köra sud qiladi? Konstitutsiyami? Içki qonunlarmi? Umumjahon deklaratsiyalarmi? Şu hujjatlarning ijodkorlari ham fariştayi begunoh emasligiga, birovga yopiştirayotgan illatidan xoli emasligiga kim kafolat beradi? Yagona asos ularning jinoyatini heç kim körmayotganidami? Ularning jinoyatini qimmatbaho galstuk va qotirib dazmollangan oppoq yoqalar yaşiradimi faqat?
«...Sizlar jinoyatçi deb bilgan kişilarni neça yuz yillardan beri jazolab kelasizlar. Xöş, jinoyatçilarni yöqota oldingizmi? Yöq, balki jazo orqali buzilgan jinoyatçilar hisobiga ham, bahuzur ötirib olib, odamlarni jazolovçi jinoyatkor sudya, prokuror, tergovçi, turmaçilar hisobiga ham ularning adadi oşib bordi xolos...».
Nexlyudov şu kabi savollar örtasida arosatda qoladi. «Nega begunohligi kundek ravşan bölganlar katorga-yu surgunda?» Bunga javoban esa advokat (!) xitob qiladi. «Qöying. Bu haqida boş qotirmay qöya qolaylik. Heç narsani özgartira olmaymiz...».
Romanni Lev Nikolayeviç öz ana'anasiga sodiq qolgan holda «tolstoyça» uslubda yakunlaydi. Yana dinga, Parvardigorning kitobiga murojaat qiladi. Nexlyudov hayotidagi barça adolatsizlik, yöldan ozişlarning zamiri nimadaligiga dindan javob topadi. Insonning hayotidagi asosiy sterjen din ekanligini, hamma javoblar asrlar avval berilganini, lekin insoniyat oyatlarni xom-xatala çaynab, yutib-yutolmayotganini isbotlaydi. Agar hammasi dinda tasvirlanganidek bölganida hayot gullab-yaşnardi. Qaysi din ekanligi esa muhim emas. Zero din köp, ruh esa bitta...