Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati Xiva shahrida yashovchi tadbirkor Sirojbek Rahmonovdan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, Xiva shahri markazidagi dehqon bozorida ularga qarashli iste'mol tovarlari sotiladigan do‘konlari bo‘lgan. Birida o‘zlari savdo-sotiq bilan shug‘ullansa, ikkinchisi qiynalgan bir oilaga ijaraga berilgan. Oilaviy daromadlari shulardan iborat edi. 2017 yil boshlarida ular Toshkent shahriga ish bilan ketgan chog‘larida do‘konlari buzib tashlangan. Bu voqealardan keyin bir yilgacha sabr bilan yangi joy berilishini kutishgan. Bu vaqt ichida hech qanday ijobiy natija bo‘lmagan.
2019 yilning yanvar oyidan boshlab shahar hokimiyati, prokuratura, adliya va boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishni boshlashgan. Buzish vaqtida prezident dasturiga tushirilgan degan vajlarni ko‘rsatishgan. Biroq kompensatsiya, yer ajratish va boshqa masalalar hadeganda ijobiy hal bo‘lavermagan. Oxirgi marta shahar hokimligiga murojaat qilgan vaqtida ularga atrofida deyarli hech kim yashamaydigan, shahar markazidan chekka bo‘lgan hududdan yer ajratib berishi mumkinligini aytishgan. Ular esa bundan norozi. Bunday chekka joyda tadbirkorlik qilishning iloji yo‘qligini ta'kidlashmoqda.
«Hokimlikka borsangiz siz bilan suratga tushadi. Bir necha kilometr yo‘l bosib Gurlan shahridagi viloyat hokimining qabuliga bordim. Boraver, keyin hal qilamiz dedi. Ijobiy natija esa yo‘q. Suratimiz uchrashganimizga, ular murojaatni o‘rganganiga dalil bo‘lsa kerak-da. Undan ko‘ra, tadbirkorligimni davom ettirishim uchun yer maydoni ajratib berishsin», - deb o‘z noroziligini ifodaladi Sirojbek Rahmonov.

Shundan so‘ng, izoh olish maqsadida, Xiva shahar hokimi Sabir Jumaniyazov qabuliga bordik. Shahar hokimi bo‘layotgan holat yuzasidan o‘z tushuntirishlarini berib o‘tdi.
Ma'lum bo‘lishicha, Ichanqal'a ham, Dishanqal'a ham turizm salohiyatini kengaytirish uchun katta qurilish maydoniga aylantirilmoqda. Dishanqal'aning umumiy maydoni 250 gektarni tashkil qiladi. Unda 54 ta madaniy meros obekti bor. Kelayotgan turistlarni shaharda yanada ko‘proq ushlab turish uchun Xivaning me'moriy qiyofasini avvalgi ko‘rinishga keltirish ishlari olib borilmoqda.



















