O‘zbekiston | 17:49 / 25.07.2019
51569
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kafelar tungi vaqtda ishlashi uchun qo‘yiladigan talablar ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlarda jamoat xavfsizligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, Toshkent shahrida eksperiment tariqasida joriy etilgan jamoat tartibini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi doirasida kunu tun uch smenali patrul rejimi respublikaning boshqa hududlariga ham tatbiq etilganligi;

Ichki ishlar vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Jamoat joylarida videokuzatuv tizimini qo‘llash va foydalanish metodikasi tasdiqlanganligi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat tartibini saqlash kuchlarining uch smenali rejimdagi patrulini ta'minlash orqali sayyohlar uchun dam olishni tashkil etish dasturlarini tasdiqlagan holda Nukus shahri, viloyatlar markazlari va sayyohlar tashrif buyuradigan boshqa joylarda savdo-ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlari faoliyati tungi vaqtda cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan zonalarni aniqlash huquqi berilganligi ma'lumot uchun qabul qilindi.

Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 15 oktyabrdan boshlab jamoat xavfsizligi bo‘yicha umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlarda quyidagi talablarni belgilagan holda ularning 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritishini ta'minlash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi:

“Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat ko‘rsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida o‘ttiz kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini o‘rnatish;

  • binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;
  • binoda shovqinning ruxsat etiladigan shovqin me'yorlariga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari va normalaridan oshmasligini ta'minlash, shu jumladan, obektlarni to‘liq tovush o‘tkazmaydigan etib jihozlash yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan foydalanmaslik;
  • yong‘in o‘chirish vositalari hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘plami solingan tibbiy yordam qutichalari bilan ta'minlash;
  • binoning barcha uchun ko‘rinarli joylariga yong‘in va boshqa favqulodda (tezkor) vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma'lumotlarni o‘rnatish.

Ushbu qarorning 2-bandida belgilangan talablarga rioya etmagan holda tungi vaqtda faoliyat yuritish taqiqlanishi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yildi. 

Shuningdek, ushbu qarorning 2-bandida belgilangan talablarga rioya etgan holda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlarning qonuniy faoliyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aralashish taqiqlanadi.

Hujjatda belgilanishicha, tungi vaqtda faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obektlar tomonidan mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan talablar buzilsa yoki ularning tungi faoliyati yuzasidan jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda e'tirozlar bildirilsa, ularning tungi vaqtda faoliyat yuritish huquqi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Mavzuga oid