AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo zarur bo‘lsa va sharoit taqozo qilsa, Tehronga borib, muzokara o‘tkazishini bildirdi. U Bloomberg agentligiga bergan intervyusida shunday bayonot berdi.

«Albatta, zarurat paydo bo‘lsa, u yerga bajonidil boraman», — degan Pompeo.

Avvalroq, Pentagonning yangi rahbari Mark Esper ham AQSh dastlabki shartlarsiz Eron bilan muloqotga tayyor ekanini bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Hurmuz bo‘g‘ozida ro‘y berayotgan vaziyat AQSh-Eron munosabatlarini keskinlashtirmoqda. Qolaversa, Donald Tramp hokimiyatga kelgach, Eron yadro dasturiga doir xalqaro kelishuvdan bir tomonlama chiqqan edi.