OAV orqali daraxtlarning kesilayotgani haqida seriyali xabarlar berilyapti. O‘ziga xos “trend”ga aylangan ushbu salbiy holat jamoatchilik tomonidan qattiq tanqid ostiga olinsa-da, bu illatni butunlay yo‘qotib bo‘lmayapti. Fuqarolar tabiatga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘lishyapti. Bu ham yetmaganidek, jonivorlarga ochiqchasiga tajovuz qilinayotgani vaziyat haqiqatan ham og‘riqli ekanligini isbotlab turibdi. Xo‘sh, odamlar tabiatga nisbatan nega bunday munosabatda bo‘lmoqda? Muammoning ildizi balki ekologik ta'limning juda sust olib borilayotganidadir? Umuman olganda, Respublikada ekologik ta'limning holati qanday? Ushbu mavzuga qator mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

“Ta'lim tizimiga zudlik bilan ekologiya fanlarini kiritish zarur... (Nargis Qosimova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, ekojurnalist)

“Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan gap bor. Farzandi qo‘lidagi chiqindini duch kelgan joyga uloqtirsa, daraxtning shoxini sindirsa, jonivorlarga ozor bersa, aksari holatda, ota-onalar indashmaydi, tanbeh berishmaydi. “Bolaligiga boradi-da...”, deb qo‘ya qolishadi. Ko‘chada indamay yotgan it yoki mushukni uzoqdan ko‘rishsa, “Borma, tishlaydi, tirnaydi...”, deb jonivorga talpingan go‘dakda ularga nisbatan adovat hissini uyg‘otishadi. O‘rnak bo‘lish o‘rniga, gohida o‘zlari qo‘lidagi sigaret qoldig‘i, muzqaymoq qog‘ozi, ichimlik idishi yoki shishasini duch kelgan joyga tashlashadi.

Bugun zudlik bilan maktabgacha ta'lim, o‘rta, o‘rta-maxsus, oliy ta'lim tizimiga – qaysi yo‘nalish bo‘lishidan qat'i nazar, ekologiya fanlarini kiritish zarur. Chunki aynan ekologiya hayotimiz, kelajagimiz demakdir. To‘g‘ri, o‘rta ta'lim tizimida “Tabiatshunoslik”, “Ekologiya” fanlari bor. Ammo ularning soati kamligi, shuningdek, mazkur fanlardan aynan mutaxassislarning dars o‘tmasligi yetarli natijani bermayapti.

Singapur tajribasi ekologik ta'lim naqadar ahamiyatli ekanligini ko‘rsatib turadi: jamiyat bolalar tarbiyasi yuzasidan muammolarga duch kelganida mamlakat bosh vaziri Li Kuan Yuning o‘tkazgan islohotlari natijasida maktablarda o‘simlik va hayvonot dunyosiga mehrni kuchaytirish borasida ekologiya darslari soni oshirildi. Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan ota-onalarni ularning o‘z farzandlari uyaltira boshladi. Singapurda aynan uysiz hayvonlarni himoya qilish borasida kampaniyalar boshlandi. Natijada bolalar va o‘smirlar amalga oshirayotgan jinoyatlar soni keskin kamaydi. Shuning uchun ko‘rilayotgan choralar, shu jumladan, qabul qilinayotgan qonunlar, tarbiyaviy usullar hayvonlarga, o‘simliklarga, balki butun tabiatga nisbatan insonparvarlik madaniyatini va mas'uliyat hissini shakllanishiga xizmat qilishi kerak.