Navbatdagi transfer oynasi ham qizg‘in pallasiga yetib keldi va klublar o‘z saflarini to‘ldirish yo‘lida turli muzokaralarda qatnashmoqda. Ancha yorqin o‘tgan Yevropa Chempionlar Ligasi va ba'zi top-klublarning yangilanishga muhtoj ekanliklari ushbu jarayonni yanada qizdirib yuborgani shubhasiz. Xususan, bir necha yil oldin jahon rekordi sifatida qayd etilishi mumkin bo‘lgan qiymatlardagi o‘nga yaqin transferlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, o‘tgan yili yevrokuboklarga o‘z pozitsiyasini inglizlarga berib qo‘ygan La Liga yetakchilari faol ekanliklarini ta'kidlash joiz. Zero, shu yozda bugungi kungacha amalga oshirilib bo‘lgan eng qimmat yetti transferning 6tasida aynan ispan jamoalari ishtirok etishgan.  

7. Rodri — «Atletiko»dan «Manchester Siti»ga - 70 mln yevro

«Shaharliklar» ispaniyalik tayanch yarim himoyachisining transferini iyun oyi o‘rtalarida e'lon qilishgandi. Rodri «Manchester Siti» tarixidagi eng qimmatbaho futbolchilar reytingida 2-o‘rinni egalladi. To‘rt yil oldin klub Kevin De Bryuyne uchun «Volfsburg»ga 76 million yevro to‘lagandi.

Rodri bilan «Bavariya» va «Barselona» klublari ham qiziqqandi, ammo yarimhimoyachining o‘zi «Manchester Siti»ni tanladi. Pep Gvardiola ispaniyalik ushbu futbolchini 34 yoshni qarshilagan braziliyalik Fernandinoga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. 

6. Frenki de Yong — «Ayaks»dan «Barselona»ga - 75 mln yevro

«Ayaks» yulduzining «Barselona»ga o‘tishi qishdayoq aniq bo‘lib ulgurgandi, shunday bo‘lsa-da, transfer rasman 1 iyul kuni amalga oshdi. Mavsumning ikkinchi yarmida De Yong jamoasi bilan birgalikda Niderlandiya chempionatida g‘olib chiqdi, shuningdek, 22 yillik tanaffusdan so‘ng, «Ayaks»ning Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqishiga yordam berdi. Ya'ni, «Ayaks» oxirgi marta shu bosqichga yetib kelganida, Frenki hali tug‘ilmagan ham edi.