O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko taklifiga binoan 31 iyulda davlat tashrifi bilan ushbu davlatga bordi. U tashrifi davomida «Zaslavl» davlat qarorgohiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda Belarus telegraf agentligi muxbiri.
Davlat rahbarlari qarorgoh hududida sayr qilishgan, so‘ngra bir-birlariga hadyalar ulashishgan. Aleksandr Lukashenko o‘zbekistonlik hamkasbiga «Belarus» pannosi va milliy kashtado‘zlik namunasini sovg‘a qilgan bo‘lsa, uning kenja o‘g‘li Nikolay O‘zbekiston Prezidentiga zubr haykalchasini hadya qilgan. Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Belarus davlat rahbariga uning xokkeychi libosidagi haykalini sovg‘a qilgan.
Haykalning qorin qismida maxsus qism bo‘lib, uning ichiga Belarus prezidentining o‘g‘li Nikolay Lukashenko surati qo‘yilgan, haykalning yurak qismiga esa Belarus gerbi o‘yib ishlangan. «Barakalla, zo‘r yasashibdi», — degan sovg‘a egasi.
Prezidentlar, shuningdek, norasmiy holatda muloqot qilishgan. Ta'kidlash joizki, uchrashuv joyi sifatida o‘zbek naqshinkor ustalari tomonidan o‘yib ishlangan shiyponcha tanlangan. Uni Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelganida hadya qilgan edi.



Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Prezidenti 31 iyulda rasmiy tashrif bilan Belarusga bordi. Davlat rahbarlarining muzokaralari 1 avgust kuni Mustaqillik saroyida bo‘lib o‘tadi.
Tomonlar mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, transport va IT-sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalarini muhokama qilishadi. Asosiy diqqat-eʼtibor mintaqalararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro mahsulotlar va xizmatlar savdosi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratiladi.


















