30-31 iyul kunlari O‘zbekiston chempionatida 15-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Turnir jadvali yetakchisi «Paxtakor» Navoiyda «Qizilqum» mehmoni bo‘lib, yirik hisobda g‘alaba qozondi va chempionlik uchun navbatdagi qadamini tashladi. O‘z maydonida «Dinamo»ni yenggan «Lokomotiv» esa 2-o‘rinda qoldi. Quyida turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

27-soniyada gol, penalti yana Murod oldida ojiz. Baqoyev jamoasi dadil odimlamoqda

Turning ochilish o‘yini Qo‘qonda o‘tkazildi. O‘z maydonida Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasini qabul qilgan «Qo‘qon-1912» 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ulug‘bek Baqoyev jamoasi davralar oralig‘ida Jasur Hasanov va Ivan Nagayev kabi kuchli futbolchilar bilan kuchaydi. Bu esa o‘z samarasini bermoqda. Ikkinchi davraning ochilish o‘yinida Babayanning «Lokomotiv»ini mag‘lub etgan jizzaxliklar bu gal Qo‘qonda g‘alaba qozonishdi.

O‘tgan o‘yinda Jasur Hasanovning ajoyib harakatlari «So‘g‘diyona»ga «Lokomotiv» ustidan g‘alaba keltirgandi, bu gal yana bir yangi futbolchi Ivan Nagayev «So‘g‘diyona» g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Ivan 27-soniyadayoq gol urib, jizzaxliklarni hisobda oldinga olib chiqqandi. Ko‘p o‘tmay Murod Xolmuhammedov penaltini golga aylantirib (odatdagidek) farqni tikladi, ammo g‘alaba golini «So‘g‘diyona»ning gruziyalik legioneri Kaxi Maxaradze urdi. Baqoyev pul bor joyda yaxshi ishlashini «Buxoro»da ko‘rsatgandi. Hozir «So‘g‘diyona»da pul bor, yaxshi futbolchilar ham, shu bois jamoadan yaxshi natijalar kutish mumkin.

«Lokomotiv» bir kishi kam o‘ynagan «Dinamo»ni penaltidan gol urib yengdi. Fayziyev jamoasida ketma-ket uchta penalti, ketma-ket uchta mag‘lubiyat...

Davralar oralig‘ida Toshkentda yig‘in o‘tkazgan Samarqandning «Dinamo» jamoasi ikkinchi davraning dastlabki ikki o‘yinini ham poytaxtda o‘tkazdi. O‘tgan turda «Bunyodkor»ga mag‘lub bo‘lgan samarqandliklar bu gal «Lokomotiv»ga imkoniyatni boy berishdi. Davron Fayziyev shogirdlari so‘nggi uchta o‘yinda mag‘lub bo‘lishmoqda: ikki marta «Bunyodkor»ga, bir marta «Lokomotiv»ga. Bu uch o‘yinda «Dinamo» darvozasiga uch marta penalti belgilandi.

«Lokomotiv» - «Dinamo» o‘yini taqdiri ham amalda penaltidan kiritilgan gol evaziga hal bo‘ldi. Akobirxo‘ja Shukrullayev poytaxtliklar yarimhimoyachisi Oston O‘runov jarima maydonchasiga kira sola yiqilgani uchun penalti belgiladi. Bu esa mehmon muxlislarning keskin e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Hakam qo‘shimchasiga 76-daqiqasida samarqandliklarning asosiy futbolchilaridan biri Jasur Azimovni maydondan chetlatdi. Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan ikki marta to‘qnashib, ikki safar ham ogohlantirilgan Azimov maydonni erta tark etdi.