Jamiyat | 09:44 / 03.08.2019
16503
11 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilarning rulda uxlab qolishi baxsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda. Nazorat haqida mas'ullar nima deydi?

Foto: Shutterstock

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda 1,35 million kishi yo‘l transport hodisasi oqibatida halok bo‘ladi.

E'tiborli jihati, YTHlarning aksar qismi o‘rta va kam daromadli davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Hech kim baxsiz hodisalarga yo‘liqmaslikdan kafolatlanmagan

Rivojlangan davlatlardan biri – AQSh misolida faktlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, bu yerda ham ahvol havas qilarli darajada emasligini ko‘rish mumkin:

- Har yili AQShda 40 mingta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ladi;

- Har kuni o‘rtacha 90 nafar amerikalik YTH oqibatida vafot etadi;

- YTH tufayli yiliga o‘rtacha 2 million haydovchi jarohat oladi (taxminan 220 million nafardan ko‘proq odamda haydovchilik guvohnomasi mavjud);

- 16-20 yoshli haydovchilar soni bilan qo‘shib hisoblaganda yiliga qariyb 8 ming odam YTH qurboni bo‘ladi;

- Bir yillik transport bilan bog‘liq baxsiz hodisalar AQShga o‘rtacha 871 milliard dollarga tushadi.

Noo‘rin uyquning tovoni qimmat bo‘ladi

Transport bilan bog‘liq baxsiz hodisalarning sabablari turlicha. Ba'zan haydovchi tezlikni oshirgani yoki telefondan foydalangani tufayli, ba'zan turli tashqi ta'sirlar tufayli. Bu «ba'zanlar»ni ko‘p davom ettirish mumkin. Lekin yana bitta sababni esdan chiqarmaslik zarur: haydovchining rulda uxlab qolishi yoki uyqusirashi, horg‘inligi

AQShda o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan haydovchilarning taxminan yarmi rulda o‘tirganda esnash odati borligini tan olgan. 20 foizi o‘tgan yili transportni boshqarayotib bir marta bo‘lsa-da, uyqusiraganini, 40 foiz haydovchi esa bu holat o‘z faoliyati davomida hech bo‘lmasa 1 marta sodir bo‘lganini tan olgan.

Rulda uyqusirash xavfli spirtli ichimlik iste'mol qilib mashina boshqarish bilan teng bo‘ladi. Masalan, 20 soat uyqusiz avtomobil haydayotgan odam qonida 0,8 foiz alkogol mavjud bo‘lishi darajasida diqqatni yo‘qotadi. Yoki kuchli charchoq ichidagi inson baxsiz hodisaga uchrash ehtimoli 3 baravar ko‘p bo‘ladi, deb yozadi NSC nashri.

Shuningdek, har yili 100 ming YTH uyqusirash tufayli sodir bo‘ladi. Oqibatda, 71 ming odam jarohatlanishi, 1 ming 550 kishi o‘limi qayd etiladi. Garchi, bu barcha haydovchilarning muammosi bo‘lsa-da, uyqusirash bilan bog‘liq holatlar, asosan, 25 yoshdan katta haydovchilar bilan sodir bo‘ladi.

7 soatdan kam uxlash, uyqu paytida doimiy yo‘lda bo‘lish, murakkab jadval asosida harakatlanish, turli uyqusizlik kasalliklariga chalinish, tungi payt ishlash natijasida:

- Doimiy esnash;

- Oxirgi bosib o‘tilgan masofani eslay olmaslik;

- Yo‘l belgilarini o‘tkazib yuborish;

- Tezlikni me'yorda saqlay olmaslik kabi holatlar ko‘pchilikning YTHdan aziyat chekishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda sodir bo‘lgan YTHlar raqamlarda

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018 yil birinchi yarim yilligida 3181ta YTH sodir etilgan bo‘lib, oqibatda 871 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 2 368 kishi jarohatlangan.

Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida esa 2406ta YTH sodir bo‘lgan, ushbu hodisalarda 777 kishi vafot etgan, 1 787 nafar kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

777 nafar inson o‘limiga sabab bo‘lgan YTHlarning asosiy sababchisi sifatida esa haydovchilarning o‘zi (87 foiz holatda ular tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishi tufayli) qayd etilgan.

Charchoq va betob holda mashina boshqarish taqiqlanadi

YTHlar sodir bo‘lishi omillariga charchoq va horg‘inlik tufayli haydovchining yo‘l harakati qoidalarini buzishi ham sabab bo‘lmoqda.

Masalan, shu kunlarda Toshkent viloyatida haydovchi uxlab qolgani tufayli sodir bo‘lgan YTH oqibatida haydovchi va yo‘lovchilar voqea joyida vafot etdi.

Aslida, 2015 yil 24 dekabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 12-bandiga ko‘ra, haydovchilar yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajada charchoqlik va betoblik holatida transport vositasini boshqarishi taqiqlanadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajada charchoqlik va betoblik holatida transport vositasi boshqarilishi «Yo‘l harakati qoidalari»ni buzish hisoblanadi va buning oqibatida YTH sodir bo‘lganda tegishli tartibda surishtiruv va tergov harakatlari olib borilib, natijalari bo‘yicha haydovchi ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

1 sentyabrdan – 12 soatlik majburiy dam olish vaqti belgilangan

Garchi javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, ko‘proq pul topish uchun dam olmasdan uzoq masofaga uzluksiz qatnovchi haydovchilarni ko‘pchilik kuzatgan bo‘lsa kerak. Bu kabi muammolarning bosqichma-bosqich oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 22 mayda «Yo‘lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ayrim muhim narsalarni belgilab berdi.

Unga ko‘ra, 2019 yil 1 sentyabrdan viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro va turistik yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda yo‘lovchilarni tashishga litsenziya bitimlarida lisenziatning avtobuslarni haydovchining toliqqanligini nazorat qilish qurilmalari bilan ta'minlash majburiyatini nazarda tutish, shuningdek, smenalar o‘rtasidagi dam olish 12 soatdan kamni tashkil etgan avtobuslar haydovchilarining safarga chiqishiga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha vazifa yuklatilgan.

Yo‘l varaqasini olmasdan yo‘lga chiqish qat'iyan taqiqlanadi

Bundan tashqari, Transport vazirligi matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, ish tartibi bo‘yicha yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan yo‘nalishsiz taksilarning haydovchilari yo‘nalishda ishlayotganda tegishli litsenziya kartochkasiga hamda yo‘lga chiqishdan oldin avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan va haydovchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risida belgilar qo‘yilgan yo‘l varaqasiga ega bo‘lishi kerak.

Yuqoridagi yo‘l varaqasining nazorati Transport vazirligi hududiy boshqarmalarining Avtomobilda tashuvlar xavfsizligi yuzasidan nazorat qilish bo‘limlari inspektorlari tomonidan tekshiriladi. Shuningdek, yo‘lovchilarning ham mashina holatining yaxshiligini ko‘rsatuvchi texnik, haydovchi ahvolini tasdiqlovchi tibbiy ma'lumotnoma – yo‘l varaqasini talab qilishga haqqi bor. Bu hujjat to‘liq xavfsizlik garovi bo‘lmasa-da, ko‘ngil xotirjam yo‘lga chiqish imkonini beradi.

«Har kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tamiz»

Ushbu mavzu yuzasidan bevosita haydovchilarning o‘zi bilan muloqot qilish maqsadida Toshkent avtovokzali yonidagi transport turargohida bir guruh haydovchilarning fikrlari o‘rganildi. Ularga  «Sizningcha, aynan qaysi holat haydovchini rulda uyqusirashga majbur qiladi?», «Aslida, normal holatda odam necha soat avtomobilda yo‘l bosa oladi?» kabi savollar bilan murojaat qilindi.

«Bir martada charchamasdan uzog‘i bilan 5 soat yoki undan sal ko‘proq vaqt transportni boshqarish mumkin. Lisenziyali taksi bo‘lganimiz uchun bu kabi muammolar bizda yo‘q. Chunki har kuni ertalab tashkilotimizda yo‘lga chiqishdan oldin mashinani texnik ko‘rikdan, haydovchilarni esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi. Buning uchun alohida tibbiy punkt faoliyat yuritadi. Do‘stlik tumanidan Toshkent shahriga yo‘llanmani olib, kuniga faqat 1 reys taksi qilaman. Postlarda, albatta, yo‘llanmani so‘rashadi», deydi «Jahongir-Kamol transavto» qo‘shma korxonasi haydovchisi Berdimurod Eshmurodov.

Uning aytishicha, yo‘lovchilarning ogohligini ham yetarli darajada deb bo‘lmaydi. Masalan, tibbiy va texnik ko‘rik yo‘llanmasini so‘rash mumkinligi haqida ko‘pchilik odamning xabari yo‘q.

Ayrim haydovchilar o‘rtacha 8 soat charchamasdan mashina haydash mumkin degan javobni berdi. Lekin ular o‘zlari tan olishicha, agar yo‘lovchi topilib qoladigan bo‘lsa, yana 5-6 soatlik masofaga dam olmasdan yo‘lga chiqishlari mumkin. Faqat oraliq muddat – transport to‘xtash joyidagi 2 yoki undan ko‘proq soatli navbat kutish jarayonida mizg‘ib olish imkoni mavjud.

«6 soatgacha uyqusiramasdan yo‘l bosish mumkin. Undan uyog‘iga har qanaqa tetik odam ham transportni boshqarishga qiynaladi. Shuning uchun ham YTHlar sodir bo‘lishi ko‘paymoqda», deydi Moskva-Peterburg-Toshkent yo‘nalishi haydovchisi Siroj Omonov.

Bundan tashqari, ayrim haydovchilarning fikricha, odam qancha yosh bo‘lsa, shuncha tetik haydashi imkoni bor. Masalan, sog‘lom va baquvvat organizm 10 soat, hatto undan ham ko‘proq vaqt rulni boshqarishi mumkin.

Qayd etish joizki, doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tib, yo‘llanma bilan rulga o‘tiradigan haydovchilar qatorida litsenziyasizlari ham uchraydi. Ularning tibbiy holatiga e'tibor berish va hatto yo‘llanmani so‘rash ham yo‘lovchining o‘ziga ham bog‘liq bo‘lib qoladi. Chunki ogohlik bilan uyqu g‘aflatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan YTHlardan qanchasining oldini olishi mumkin.

Demak, yo‘lovchilar, haydovchilarning tibbiy holatiga qarab, xizmatidan foydalanishdan tortinmang. E'tiborliligingiz sizni 777talik ro‘yxatga kirishdan asraydi.

Zilola G‘aybullayeva

Mavzuga oid