2019 yil 3 avgust kuni Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda Prezidentning 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tuzilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning samarali ijro etilishini ta'minlash hamda Milliy komissiya faoliyatiga oid ayrim tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Milliy komissiya tarkibidagi Odam savdosiga qarshi kurashish hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyalar tarkibi ham ko‘rib chiqildi. Kichik komissiyalar faoliyatini tartibga soluvchi tegishli nizom loyihalari, ish rejalari hamda 2019 – 2020 yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqish va Milliy komissiyaga kiritishga doir masalalarga e'tibor qaratildi.
Ta'kidlanganidek, majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda odam savdosining oldini olish, bu kabi salbiy holatlarning ro‘y bermasligiga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, bunda mavzuga doir videorolik, sharh, risola, plakat, buklet, flayer va boshqa materiallar tayyorlash, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘ida zarur ma'lumotlar tarqatish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, fuqarolarning odam savdosida qo‘llaniladigan vosita va uslublardan xabardorlik darajasini oshirishda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanish zarur.
Shuningdek, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi o‘rganilib, milliy amaliyotga tatbiq qilinishi lozimligi qayd etildi.
So‘zga chiqqanlar odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalarida amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, shuningdek Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish, mehnat sohasidagi asos soluvchi tamoyillar va huquqlarga rioya etilishi bo‘yicha xalqaro metodologiyalar va vositalardan foydalangan holda majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ta'sirchan choralar ko‘rish masalalariga ham urg‘u berdilar.

















