08:03 / 06.08.2019
16847

Toshkentda sayyohlik politsiyasi paydo bo‘ldi

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Joriy yilning iyun oyidan Toshkent shahar IIBB qoshida Xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmasi ish boshladi. Bugungi kunda ushbu boshqarmaning 10dan ortiq xodimlari shahrimizdagi aeroportlar, vokzallar hamda sayyohlik obektlarida faoliyat yuritmoqda.

Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, prezidentning “Transport va turizm obektlarida jamoat xavfsizligini ta'minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz joriy etilayotgan Xavfsiz turizmni ta'minlash konsepsiyasini Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida tatbiq etish, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining Xavfsiz turizmni ta'minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini rivojlantirish nazarda tutilgan. 

Shunga muvofiq, Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur bo‘linmaning faoliyatini yo‘lga qo‘yish davomida Buxoro va Samarqanddagi Xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalari vakillari bilan uchrashib, ularning ish tajribasi bilan tanishdi.

Shuningdek, mutasaddilar tomonidan faoliyat uchun muhim moddiy texnik bazani shakllantirish ishlari amalga oshirildi. Xususan, ayni kunda avtobuslar, avtomobillar, skuter va mototsikllar ishlashga shay. 

2019 yil sentabr oyiga kelib tashkiliy ishlar nihoyasiga yetadi va Toshkentda sayyohlik politsiyasi tuzilmasi to‘liq tarkibda shakllanadi. Ushbu bo‘linma shahrimizga kelayotgan turistlarning xavfsizligini ta'minlash hamda sayyohlik obektlarida jamoat tartibini saqlash vazifasini bajaradi.

Top