O‘zbekiston | 14:37 / 08.08.2019
5424
2 daqiqa o‘qiladi

Energetika vazirligi: Taxiatosh IESda ikkita bug‘-gaz qurilmasi ishga tushiriladi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunyod etilayotgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi quvvati 230 va 280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasidan iborat bo‘lib, u 2020 yilda ishga tushiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida aytilishicha, loyihaning umumiy quvvati 510 MVt, umumiy qiymati - 678,2 mln. dollarni tashkil etadi. Ikkita bug‘-gaz qurilmasining ishga tushirilishi Taxiatosh IESga elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni qondirish bilan birga mavjud uskunalarda sarflanayotgan yoqilg‘ini yiliga 488,6 mln. m3 yoqilg‘i tejash imkonini beradi. 

Ushbu stansiyaning samaradorligi 31,21 dan 49,7%gacha oshadi, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 3,6 mlrd. kVt.s, yillik issiqlik ishlab chiqarish hajmi esa 139 000 Gkaldir. IES ishga tushgach, bu yerda 97 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ma'lumot o‘rnida, bu loyihani amaliyotga tatbiq etish uchun bosh pudratchi “O‘zbekenergo” AJ va “Consortiumof Hyundai Engineering Co. Ltd.” hamda “Hyundai Engineering & Construction Co. Ltd” hamkorligida “tayyor holda topshirish” tamoyili asosida shartnoma imzolangan.

Mavzuga oid