Kecha, 7 avgust kuni Qirg‘izistonda navbatdagi siyosiy keskinlik to‘lqinlari avj oldi. Iyul oyi oxirida sobiq prezident Almazbek Atamboyevni jinoyatda ayblab, uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilgan hukumat endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli hujumga o‘tdi. Mamlakat maxsus kuchlari sobiq prezidentning uyiga bostirib kirib, uni qo‘lga olishga harakat qildi va qurolli to‘qnashuv kelib chiqdi.
Xaos qamrab ola boshlagan qo‘shni mamlakatda nega ahvol bunchalik keskinlashib ketdi? Atamboyevni nimalarda ayblashmoqda?
Mamlakat prokuraturasi uni beshta jinoyatda gumon qilmoqda:
* hozir yashab turgan qarorgohi joylashgan yerni noqonuniy o‘zlashtirishda. Bu borada Qirg‘iziston JKning 319-moddasiga (korrupsiya) ko‘ra harbiy prokuraturada sudgacha tekshiruv olib borilmoqda.
* mamlakatdagi mashhur kriminal Aziz Batukayevni qamoqdan chiqarishda. Atamboyev bu ishni amalga oshirishni o‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Shamil Ataxanovga buyurgani aytilmoqda. Bu ish ham korrupsiyada ayblov sifatida ko‘rilmoqda.
* yana bir ayblov «Aka Invest» firmasi bilan bog‘liq. Pul yuvishda ayblanayotgan bu korxona Atamboyevga aloqador bo‘lishi mumkin.
* sobiq davlat rahbari Bishkek IES modernizatsiyasi bilan bog‘liq ish bo‘yicha ham ayblangan. Shuningdek, bu issiqlik elektrostansiyasi uchun ko‘mir sotib olishda yo‘l qo‘yilgan ehtimoliy korrupsiya holati alohida ish sifatida ko‘rilmoqda.
Ko‘rib turganingizdek, barcha ayblovlar korrupsiya bilan bog‘liq. Atamboyev esa bularning barchasi yolg‘on ekanini, o‘zining aybsizligi, buni kerak bo‘lsa OAVda chiqish qilib isbotlashga tayyorligini ma'lum qilgan. Atamboyev kechagi to‘polonlardan keyingi chiqishida ham bu haqda ta'kidlagandi.
Birinchi hujum o‘xshamadi
Atamboyevni qo‘lga olish uchun o‘tkazilgan birinchi amaliyot muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Har qancha g‘alati tuyulmasin, maxsus kuchlar (maxsus topshiriqli bo‘linmalar - mamlakatning eng sara harbiylari) sobiq prezidentni qo‘lga olishni uddalay olishmadi. Birinchidan, Atamboyevning tarafdorlari maxsus kuchlarga faol qarshilik ko‘rsatishdi. Atamboyevning qarorgohida harbiy kiyimdagi qo‘riqchilar ham bor edi. Axir daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan odamning uyi turgan gapki strategik obekt hisoblanmaydi. Ammo uni hamon harbiylar va maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yigitlar qo‘riqlamoqda. Nima bo‘lsa-da, Atamboyevning qarorgohi harbiy guruh tomonidan qo‘riqlandi va birinchi jangda ular turib bera olishdi.
Vaziyat shunchalikka bordiki, mamlakat xavfsizlik qo‘mitasi raisi iste'fo so‘radi (Jeenbekov uni qabul qilmadi). Bunga sabab sifatida rais Atamboyevni qo‘lga olish operatsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlanganini keltirdi. «Biz 3,5 ming jangchining barchasi bilan harakat qilishimiz mumkin edi. Ular qurolsiz edi», — dedi xavfsizlik qo‘mitasi raisi Orozbek Opumbayev. Qizig‘i, bu gap bilan Qirg‘izistondagi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan qo‘shin miqdori ham ochiqlangan.










