14 avgust kuni muslim.uz saytida «Dollar narxi oshdimi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati oshishi yuzasidan ba'zi kishilarda paydo bo‘lgan xavotir noo‘rin ekani va inson rizqi Haq taolo tomonidan ta'min etilishi bayon etilgandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ushbu maqola atrofida ancha-muncha gap-so‘zlar bo‘lib o‘tdi. Hatto ayrim kishilar maqoladagi fikrlarga nisbatan istehzo qilish darajasiga borishgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati saytida ushbu maqolaga bildirilgan fikrlarga raddiya sifatida «G‘am-tashvish gunoh sababidan ekanini inkor etuvchilarga raddiya» sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Unda avvalgi maqolada inson boshiga keladigan g‘am-tashvish, musibat u sodir etgan gunoh tufayli ekani oyatu hadislar asosida yoritilgani ta'kidlanadi.

Ammo bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgani va turli haqoratlar bildirilayotgani qattiq qoralanadi.

«Biroq ushbu maqolaga ayrim o‘quvsiz ijtimoiy tarmoq yurituvchilari masxaraomuz fikrlarni o‘z sahifasida qoldirgan. Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari keltirilgan maqolani shunday kimsalar «anekdot», deya haqoratlashgacha borib yetgani tashvishlidir. Mana shunday nodonlar fikri mazmuniga yetib bormagan ba'zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bilib-bilmay ularni yoqlab qo‘yishgan. Feysbukda ham, telegramda ham ayrimlar ushbu fikrlarga kulib turgan «smaylik» qoldirgan.

Bunday holat g‘o‘r kimsalarning diniy-ma'rifiy maqola ustidan nodonlarcha kulayotganini ko‘rsatdi. Ular o‘ylab ko‘rmaydilarmi, shu paytda ularning imon-e'tiqodlari qay ahvolda ekan? Oyat, hadis, hikmatlarni masxara qilayotganlar oqibati nima bo‘lar ekan?!»

Maqola davomida yuqoridagi kabi dinni noto‘g‘ri talqin qilishdan qaytariladi va Qur'oni karim oyatlari, payg‘ambarimiz (alayhissalom) hadislari hamda ulamolar fatvolaridan o‘ziga xos uslubda dalil keltiriladi.