Fuqaro Otabek Nuriddinovning Toshkent shahar xokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaatini bugungi kunga qadar bir qancha saytlar va o‘nlab guruhlar qizg‘in muhokama qildi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mutaxassislari murojaatda ko‘tarilgan masalaga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdi.

“Onlayn tarzida yozilgan murojaat albatta aniq manzilga jo‘natilgan va, tabiiyki, xokimning o‘zi ushbu murojaatga javob berish yoki bermaslik, bu uning ixtiyori”, - deyiladi qo‘mita munosabatida.

O‘z navbatida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mutaxassislari murojaatda ko‘tarilgan masalaga oydinlik kiritishga harakat qilgan:

Crafers kompaniyasi bo‘yicha:                     

2019 yil 1 avgust holatiga respublika hududida 600dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub'yekt qandolat mahsulotlarini (assortimentda) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ushbu mahsulot bozorida juda katta miqdorda import qilingan mahsulotlar mavjud bo‘lgani sababli ushbu bozor ancha past konsentratsiyalashgan,  raqobat esa yuqori darajada rivojlangan.

Bundan tashqari, bozordagi ulushlar tahlil qilinganda, qaysidir xo‘jalik yurituvchi sub'yektning ustun mavqega ega ekanligi aniqlanmadi. Oddiy qilib aytganda, “Crafers” qandolat mahsulotlari bozori holatiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. 

Artel kompaniyasi bo‘yicha:

2019 yil 1 avgust holatiga O‘zbekistonda 10tadan ko‘p kompaniya elektr maishiy texnikasini (yirik va mayda) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Statistika organlaridan olingan ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 100dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar “Artel” kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqarish va import qilish bilan shug‘ullanib kelmoqdalar.

Akfa Group kompaniyasi bo‘yicha:

2019 yil 1 avgust holatiga respublika miqyosida plastmassadan eshik va rom ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning soni 180tadan oshgan.

Bundan tashqari, mazkur bozorda alyuminiydan eshik va rom ishlab chiqaruvchi 400tadan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ham faoliyat ko‘rsatadilar.