O‘zbekiston | 16:49 / 23.08.2019
49093
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda shifokorning qo‘lini bog‘lab, uni yoqib yubormoqchi bo‘lgan shaxsga jinoiy ish ochildi

Foto: Skrinshot

Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlariga tahdid qilib, ulardan birini yoqib yubormoqchi bo‘lgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

«2019 yil 21 avgust kuni soat 10:00larda Xonobod shahar Taraqqiyot 3-tor ko‘chasida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan F.A. birga yashovchi onasi, 2-guruh nogironi, 1955 yilda tug‘ilgan I.A.ning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli uni Andijon shahrida joylashgan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining jarohat oqibatlari va ortopediya bo‘limiga olib kelib, onasini shu bo‘lim mudirining qabuliga olib kirmoqchi bo‘lgan va bo‘lim mudiri bilan o‘rtalarida kelishmovchilik kelib chiqqan. 

Shundan so‘ng, F.A.ning bundan jahli chiqib, bo‘lim mudiri qo‘llarini bog‘lab, o‘zi bilan yelim idishda olib kelgan benzin yoqilg‘isini xonaga sepib, o‘ldirish bilan qo‘rqitayotgan vaqtida shu bo‘limda ishlovchi xodimlar F.A.ni ushlab qolishgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabarida.

Bundan avvalroq Andijon shahrida joylashgan Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirilgani xabar qilingandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu voqeadan keyin yana bir bor shifokorlarga hujum qilganlik uchun keskin choralar joriy etilishini so‘radi.

Mavzuga oid