Toshkent metrosining «Do‘stlik» bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismida «Ohangaron» bekati yo‘nalishi bo‘ylab dastlabki relslarni qo‘yish ishlari boshlab yuborildi. Ayni paytda ushbu yo‘nalishga 2 km.dan ortiq po‘lat izlar yotqizildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar bermoqda.

Ushbu yo‘nalish 11 kilometrdan iborat bo‘lib, «Do‘stlik», «Ohangaron», «Tuzel», «Iltifot», «Rohat», «Yangiobod» hamda «Qo‘yliq» bekatlarini o‘z ichiga oladi. Mazkur metro qurilishida butunlay yangi texnologiya qo‘llanilayotgani aytiladi. Estakadalar uchun monolit usulda beton ustunlar quyish jarayoni o‘zlashtirilib, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan materiallardan foydalanilmoqda.

Temiryo‘lchilar mustaqillikning 28 yilligi bayrami arafasida «Do‘stlik» hamda «Ohangaron» bekatidagi qurilish ishlarini to‘liq tugatishni rejalashtirishgan. Buning uchun bekatlarda kecha-yu kunduz qurilish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

«Do‘stlik» estakada yo‘nalishidagi birinchi bekatdir. Bir qavatdan iborat ushbu bekatda ayni paytda ma'muriy bino, chiptaxonalar, tibbiyot, xavfsizlik va texnik xodimlari uchun xonalari qurilib, so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. 120 metrlik uzunlikdagi perronida ham sifatli qurilish mahsulotlaridan foydalanilib, yer qismi marmar bilan qoplandi. Perrondan poyezdga chiqish qismiga ko‘zi ojizlar uchun maxsus bo‘rttirilgan marmar toshlardan yotqizildi.

Bekatning asosiy ikki tomoni quyosh nurini kam o‘tkazadigan zamonaviy oynalar bilan qoplanyapti. Perronga kirish-chiqish yor osti va yer usti yo‘laklariga ham ko‘rkam marmar toshlari bilan bezatilmoqda. Ayniqsa, yo‘lovchilarga yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida boshqa yo‘nalishga o‘tish uchun perron ichidan o‘tish zinasi tashkil etildi. Bekat atrofi va hududi obodonlashtirilib, zamonaviy yoritgich chiroqlari o‘rnatildi. Avtomobillar uchun turargoh bunyod etildi. Mavjud bo‘lgan yer osti «Do‘stlik» bekatidan uning yer ustidagi qismiga o‘tish uchun maxsus yo‘lak barpo etilib, u ikki stansiyani o‘zaro bog‘ladi.