Vazirlar Mahkamasining “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ular Vatanga qaytib kelganidan keyin ishsiz va band bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va kasbiy ta'limning boshqa muassasalari, shu jumladan, nodavlat kasbiy ta'lim muassasalarining kasbga o‘qitish markazlarida, keyinchalik ishga joylashtirish uchun, shu jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga grantlar berish yo‘li bilan talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha bepul kasbiy o‘qitish, qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirishni nazarda tutuvchi mehnat, ijtimoiy va psixologik qayta integratsiyalashuvida ko‘maklashish shakllarini kengaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

2020-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg, Novosibirsk, Volgograd, Pyatigorsk (Rossiya Federatsiyasi), Istanbul (Turkiya), Nur Sulton (Qozog‘iston), Dubayda (Birlashgan Arab Amirliklari) Agentlik mablag‘lari hisobiga vakolatxonalarini ochish, keyinchalik mablag‘larni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqlari va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radilar;

2021 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlari ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan Rossiya organlari va tashkilotlarining filiallarini (front-ofislarini) ochish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi mintaqalari (Tatariston Respublikasi, Primore o‘lkasi, Sankt-Peterburg shahri, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Rostov, Leningrad va Sverdlovsk viloyatlari, shuningdek, Ural federal okrugining Xanti-Mansiysk va Yamal-Nenets avtonom okruglari) bilan muzokaralar o‘tkazadilar;