O‘zbekiston | 08:01 / 29.08.2019
5138
3 daqiqa o‘qiladi

Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston - Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Foto: bta.bg

27 avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida XXRda tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri A.Aripov hamda Xitoy kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi Guo Shengkun raisliklarida O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va XXR raisi Si Jinping o‘rtasidagi oliy maqomdagi muzokaralar mobaynida erishilgan ikki tomonlama kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. Qayd qilinishicha, ikki davlat yetakchilarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi sharofati bilan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgan.

Tomonlarning qayd etishlaricha, O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasi va uning sohaga oid ostqo‘mitalarining har yilgi yig‘ilishlari investitsiyalar, savdo, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, fan va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilg‘or investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologiyalar, shuningdek transport kommunikatsiyalari sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga alohida e'tibor qaratilgan. O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, uning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi investitsion va boshqa loyihalar muhokama qilingan va ma'qullangan.

Ikkitomonlama savdo hajmlari va segmentlarini yanada oshirish, o‘zbek mahsulotlarining Xitoy bozoriga yetkazishni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Tomonlarning qayd etishicha, 2019 yilda ikki tomonlama tovar ayriboshlash hajmi 8 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi, 2020 yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 10 mlrd dollarga yetadi.

Qo‘mitaning Xitoy tomonidan hamraisi Guo Shengkun yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan kelishuvlarning joriy etilishi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi amaliy mazmun bilan to‘ldirishiga umid qilayotganini ta'kidladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha bayonnoma imzolandi. Unga ko‘ra Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi 2021 yili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi belgilandi.

Mavzuga oid