Bu hafta dam olish kunlari juda qiziq o‘tadi – Yevropada yakunlanayotgan transfer oynasidagi eng so‘nggi va qizg‘in ma'lumotlarni kuzatishingiz, orada esa, ajoyib futbol uchrashuvlarini tomosha qilishingiz mumkin. «Liverpul»ning Byornliga, «Barselona»ning Osasunaga safari, hujumchisiz qolgan «PSJ», «Inter» uchun yangi sinov – hammasi qiziq. Lekin anonsimizga imkon qadar teng kurashlar ostida kechishi kutilayotgan uchrashuvlarni yig‘dik. Ularning ichida derbilar ham ko‘pligini e'tiborga olsak, bizni bayram kunlari futbol zeriktirmaydi.

«ATLeTIK» – «ReAL SOSeDAD» (31 avgustga o‘tar kechasi, 01:00)

Basklar derbisi bu safar yanada qiziqarli o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi, chunki mavsumni har ikki jamoa ham ko‘tarinki ruhda boshlashdi. Bilbaoliklar «Barselona» ustidan qozonilgan ajoyib g‘alabadan so‘ng, «Xetafe» maydonidan durang bilan qaytdi. «Sosedad» esa, har ikki o‘yinni safarda o‘tkazdi – Valensiyada durang va Malorkada g‘alaba. «Xetafe» ham, «Valensiya» ham o‘tgan yili yevrokuboklar zonasidan o‘rin olgani inobatga olinsa, basklar uchun ancha jiddiy natija.

Sosedadliklar tarkibida «Real»dan ijaraga olingan Martin Edegorni ko‘rish qiziq bo‘ladi. O‘tgan mavsumda Erediviziyada o‘zini ko‘rsatgan, hali ham yosh bo‘lgan yarimhimoyachi Malorkadagi o‘yinda g‘alaba keltirgan yagona golni urgandi. Shuningdek, o‘tgan mavsumda «Jirona»ning yetakchi futbolchisi bo‘lgan Portu jamoasi quyi ligaga tushib ketgach «Sosedad» tarkibiga qo‘shildi. Bu ham e'tiborli transfer. «Atletik» tarkibida alohida tilga olish mumkin bo‘lgan transferlar hozircha yo‘q, ammo jamoadagi mavjud futbolchilar, ayniqsa, hujum chizig‘idagi Iniaki Uillyams va Aduris har qanday raqib himoyasi uchun bosh og‘rig‘i bo‘la oladi.

O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda «Sosedad» g‘olib bo‘lgan, Bilbaodagi o‘yin mehmonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topgandi. Umuman so‘nggi 20 o‘yinning qariyb yarmida «Real Sosedad»ning qo‘li baland kelgan. «Atletik»ning ushbu stadiondagi derbida qozonilgan so‘nggi g‘alaba 2016 yilning oktyabriga to‘g‘ri kelganini nazarda tutsak, mahalliy ishqibozlar anchadan beri derbidagi g‘alabani sog‘inib qolishgan.

«YuVeNTUS» – «NAPOLI» (31 avgust, 23:45)