Joriy yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Parlament saylovlari tayyorgarligini kuzatib borish uchun YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB)ning 300ga yaqin vakili jalb etiladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, bu ilk marta O‘zbekistondagi parlament saylovlarini YeXHT DIIHBning to‘laqonli missiyasi kuzatib borishi bo‘ladi.
«Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki demokratik saylovlarni ochiq va oshkora o‘tkazishning muhim omili hisoblanadi. Shu bois, saylovlarning xalqaro kuzatuvi butun dunyoda tan olinib, demokratik jarayonlarni, umume'tirof etilgan inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga rioya etilishini ta'minlashning muhim vazifalaridan biriga aylangan.
Ilgari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizning ushbu muhim siyosiy tadbirni ochiq va oshkora, umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga muvofiq ravishda o‘tkazishga tayyorligini inobatga olib, xalqaro majburiyatlardan kelib chiqqan holda, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) ga saylovoldi vaziyatini va shu yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlikning borishini baholash uchun taklifnoma yuborilgan edi.
Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiya (EBM) saylovoldi muhiti va ularga tayyorgarlik jarayonini, mamlakatda erkin va demokratik saylovlar o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. Yaqin orada YeXHT Doimiy Kengashi tomonidan to‘laqonli kuzatuv missiyasini yuborishning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha qaror qabul qilinishi bilan parlament saylovlariga to‘laqonli kuzatuv missiyasini yuborish niyatini bildirdi.
Xususan, YeXHT DIIHB EBMning hisobotida ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohasida, shu jumladan valutani tartibga solishni liberallashtirish, viza rejimini soddalashtirish va qo‘shnilar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, bir qancha siyosiy mahbuslarni ozod etish va huquqni muhofaza qilish tizimidagi uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichi keng ko‘lamli missiyani jo‘natish uchun asos bo‘ladi.
Bo‘lajak saylovlar YeXHT DIIHB tomonidan mamlakatning demokratiyaga o‘tishidagi muhim siyosiy voqea sifatida baholanmoqda.
















