Jamiyat | 17:52 / 04.09.2019
76517
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bir oilaning 5 nafar a'zosini o‘ldirgan shaxslar ustidan sud boshlandi 

Foto: KUN.UZ

Bugun, 4 sentabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida sudlanuvchilar G‘olib Tashanov (1981 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Jahongir Usmonov (1993 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Shamshiddin Esonboyev (1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) va Xabibullo Nurmanov (1996 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Aziz Obidovning xabar berishicha, mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Ikrom Muslimov raisligida hamda sudyalar O. Arabov va E. Ergashevdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.

Tergov yakuniga ko‘ra, sudlanuvchilar 2019 yil 14 maydan 15 may kuniga o‘tar kechasi Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Chimqo‘rg‘on” MFY “Chimqo‘rg‘on” qishlog‘ida yashab kelgan A.X.ning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirishib, hujum qilib A.X.ni, uning turmush o‘rtog‘i Z.X.ni, farzandlari J.I., voyaga yetmagan A.I. va O.I.ni qasddan o‘ldirishgan hamda 22 mln. so‘m, 100 AQSh dollari va 600 ming so‘mlik “Samsung” rusumli uyali aloqa telefonini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilishgan. Shundan so‘ng, sudlanuvchilar sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida A.X. va uning oila a'zolarining murdalarini ko‘rpalarga o‘rashib, uy hovlisida turgan “Damas” rusumli avtomashinaga joylashtirib Qo‘shrabot tumanidagi “Oltin maydon” fermer xo‘jaligi hududidagi adirga avtomashinani boshqarib borishib, tashlab ketishgan.

Bundan tashqari, G‘. Tashanov 2018 yilning bahorida o‘zi istiqomat qilib kelgan uyning tomorqasida o‘sib chiqqan taqiqlangan “ko‘knor” o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib, 2018 yil noyabr oyida quruq holdagi umumiy sof vazni 49,94 gramm bo‘lgan “ko‘knor” giyohvandlik vositasini J. Usmonovga qonunga xilof ravishda o‘tkazgan bo‘lsa, J. Usmonov ushbu giyohvandlik vositasini o‘z uyida o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda saqlab kelgan.

Sudlanuvchilar:

G‘. Tashanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish), 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)da; 

J. Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik), 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) va 276-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)da; 

Sh. Esonboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish)da; 

X. Nurmanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 164-moddasi (bosqinchilik) va 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Sud jarayoni davom etmoqda. 

Mavzuga oid