Yevropaning «kuchli beshlik» chempionatlarida ishtirok etuvchi jamoalar 2019 yilda transferlar uchun besh milliard funtga teng mablag‘ sarflashdi. 

Angliya premer-ligasi klublari 1,41 milliard funt, Ispaniya La ligasi klublari — 1,24 milliard funt sarflashgan. Shuningdek, bundesliga (670 million), A Seriya (1,06 milliard) va Liga 1 (605 million) ishtirokchilari ham yangi transfer rekordlarini o‘rnatishgan. Barcha chempionatlarda rekordlar yangilangan.

Quyida yozning asosiy transferlari va ular qay darajada ishonchni oqlagani va ulardan nimalar kutilayotgani haqida keltiriladi.

Ispaniyadagi top transferlar

Yozning eng yirik transferlari albatta Ispaniya chempionatiga to‘g‘ri keldi. Xaridlar uchun eng ko‘p pul sarflagan klublar ham shu chempionatning uch grandi - «Real», «Barselona» va «Atletiko» bo‘ldi. Quyida ushbu chempionatdagi asosiy transferlarga baho beriladi.

JOAU FeLISh (Benfika – Atletiko) – 126 million yevro

Albatta, Grizmann darajasiga hali bor, lekin bu transfer aynan fransiyalik hujumchi o‘rnini bosish uchun amalga oshirildi. Felish «Benfika»da xuddi shu uslubda harakat qilgan – to‘psiz juda yaxshi harakatlanadi, kreativlik va samaradorlik muvozanati ham joyida.

Shunday bo‘lsa-da, madridliklar biroz ko‘proq to‘lab yuborishdi. Felish yosh, unda faqat bir yil yuqori saviyadagi tajriba bor, xolos. Himoyalanishda kuchli emas, buni Simeonening o‘zi ham ta'kidladi. Boshqa tarafdan, vaziyat oson emasdi, futbolchiga top-xaridorlar ko‘p edi. «Benfika» esa «Atletiko»da yetarlicha pul borligini bilgani uchun maksimum summani qo‘lga kiritishga urindi. Bu vunderkind mavsumoldi yig‘inlarida ham o‘zini ko‘rsatdi, chempionat o‘yinlarida ham barqaror o‘yin ko‘rsatib, uch o‘yinda 1 gol urib, bir golga pas berdi.

KIRAN TRIPPeR (Tottenhem – Atletiko) – 22 million yevro

Bir tomondan juda mantiqli va boshqa tomondan kutilmagan transfer. Kutilmagan tarafi, asosan Lotin Amerikasi vakillariga e'tibor qaratib kelgan Simeonening «Atletiko»sida angliyalik futbolchi. O‘yin tomonidan esa, hammasi to‘g‘ri – o‘ng qanot himoyasi muammo edi. O‘tgan mavsumda bu pozitsiyada Aryas va Xuanfran to‘p surishgandi. Tripper himoyalanishda u qadar zo‘r emas, lekin hujumlarga qo‘shilish, to‘p uzatish bobida yuqoridagi nomlardan bir bosh ustun.