O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasining savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan ma'lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalarni onlayn nazorat kassa mashinalari qatorida joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” davlat unitar korxonasi onlayn rejimida qabul qilingan fiskal ma'lumotlarni mustaqil va doimiy ravishda qabul qilish, qayta ishlash, kriptografik himoya qilish va saqlash ishlarini bajaruvchi fiskal ma'lumotlar operatori etib belgilandi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) tadbirkorlik sub'yektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda:
ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi bo‘yicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinadi;
kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat'i nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega;
ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat'iy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi;
virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) ularga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bepul beriladi;

















